Toshkent shahridagi Milliy madaniy markazlar pavilonida «Tatar qizi – 2026» xalqaro tanlovi g‘olibasi Amina Mahmudovaga bosh mukofot — «Zeekr» rusumli avtomobil tantanali ravishda topshirildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (UzA) xabar bermoqda.
Do‘stlik va madaniy hamkorlik ruhida o‘tkazilgan tadbir o‘zbek, tatar va turkman xalqlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, milliy madaniyat va an’analarni qadrlash, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning yutuqlarini e’tirof etishga bag‘ishlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari qo‘mitasi raisi, mamlakat madaniyat vaziri, Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi tabrik so‘zlari bilan chiqish qildilar.
Asosiy tadbir boshlanishidan oldin mehmonlar Milliy madaniy markazlar pavilonini tomosha qilib, turli xalqlarning urf-odatlari va milliy o‘ziga xosliklari bilan tanishdilar.
Tadbir davomida o‘zbek, tatar va turkman xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, madaniy hamkorlik hamda «Tatar qizi» xalqaro tanlovining o‘tkazilish jarayonlarini aks ettiruvchi videolavhalar namoyish etildi.
Ushbu tadbir xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish, yoshlarning ijodiy imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlash va milliy merosni keng targ‘ib etish muhimligini yana bir bor namoyon etdi.








Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.