Turkmanistonning ekologik siyosati mamlakatning barqaror rivojlanishini ta’minlash, tabiiy boyliklarini asrab-avaylash va aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgan davlat strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, atrof-muhit tozaligini ta’minlash va ekologik muvozanatni saqlash ushbu yo‘nalishdagi ishlarning asosiy maqsadini tashkil etadi.
Turkman xalqining Milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov tashabbusi bilan asos solingan bu ishlar bugungi kunda Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov rahbarligida davom ettirilmoqda. Ekologiya sohasida ilg‘or “yashil” texnologiyalarni joriy etish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va kompleks dasturlarni amalga oshirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlari hisoblanadi.
Milliy o‘rmon dasturi doirasida mamlakatning barcha hududlarida muntazam ravishda daraxt ekish tadbirlarining o‘tkazilishi bu boradagi ishlarning yaqqol namunasidir. Joriy yilning bahorida tashkil etilgan ommaviy ko‘chat ekish tadbirlarida ignabargli, bargli va mevali daraxtlarning yuz minglab ko‘chatlari ekildi. Ayni paytda kuzgi ko‘chat ekish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ushbu ishlar shahar va qishloqlar atrofidagi yashil hududlarni kengaytirish, tabiiy muhitni yaxshilash hamda aholi yashash joylarining ekologik holatini mustahkamlashga qaratilgan.
Turkmaniston atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida ahamiyat bermoqda. “Avaza” milliy sayyohlik zonasida o‘tkazilgan Birinchi Kaspiy ekologik sammiti mintaqada tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashda muhim voqea bo‘ldi. Sammit davomida Kaspiy dengizining noyob ekotizimini asrab-avaylash, uning resurslaridan oqilona foydalanish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Kaspiy dengizining biologik xilma-xilligi va dengiz muhitini muhofaza qilish Turkmaniston ekologik siyosatida alohida o‘rin tutadi. Har yili 12-avgustda nishonlanadigan Kaspiy dengizi kuni jamoatchilik e’tiborini ushbu noyob tabiiy boylikni asrash masalasiga qaratish imkonini beradi. Turkmanistonda ushbu sana munosabati bilan “Avaza” milliy sayyohlik zonasida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar, ko‘rgazmalar va ekologik tadbirlar o‘tkaziladi. Bunday tashabbuslar Kaspiy dengizi havzasini muhofaza qilish bo‘yicha tajriba almashish va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha milliy va xalqaro miqyosda amalga oshirilayotgan ishlar Turkmanistonning tabiiy boyliklarni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash, ekologik barqarorlikni mustahkamlash hamda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan strategiyasining muhim qismidir.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.