
"Turkmaniston" aviakompaniyasi Birlashgan Arab Amirliklari yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshiriladigan bir qancha aviareyslarga vaqtincha cheklovlar kiritdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Ashxobod — Dubay — Ashxobod va Ashxobod — Abu-Dabi — Ashxobod yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam parvozlar 2026-yil 1-iungacha vaqtincha to‘xtatildi.
Aviakompaniya rahbariyati ushbu chorani mintaqadagi beqaror vaziyat, aniqrog‘i, Eron Islom Respublikasi havo hududida joriy etilgan yangi cheklovlar bilan izohladi. Qatnovlarning vaqtincha bekor qilinishi birinchi navbatda yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarining xavfsizligini to‘liq ta’minlash maqsadida amalga oshirildi.
Qatnovlari vaqtincha to‘xtatilgan yo‘lovchilar uchun aviakompaniya imtiyozli shartlarni taklif etmoqda. Sotib olingan aviachiptalar narxini hech qanday jarima, qo‘shimcha ushlanma yoki foizlarsiz to‘liq qaytarib olish mumkin. Shuningdek, xohishga ko‘ra, chiptalar sanasini keyingi eng yaqin va qulay parvoz kunlariga bepul o‘zgartirish imkoniyati yaratildi.
Keywords