Turkmaniston Majlisida 2026-yil yanvar–iyul oylarida amalga oshirilgan ishlar yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda milliy qonunchilikni zamonaviylashtirish, davlat rahbari tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirish hamda parlament faoliyati samaradorligini oshirish borasida bajarilgan ishlar tahlil qilindi.
Turkmaniston Majlisi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hisobot davrida fuqarolar huquqlarini himoya qilish, sanoat xavfsizligini ta’minlash, moliyaviy va buxgalteriya hisobotlarini takomillashtirish, litsenziyalash tizimini rivojlantirish, avtomobil yo‘llari, atrof-muhit va suv biologik resurslarini muhofaza qilish, shuningdek migratsiya siyosati bilan bog‘liq qonunlarga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Yanvar–iyul oylarida Turkmanistonning 7 ta qonuni qabul qilindi. Ular qatorida “Turkmaniston Mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali harbiy paradda ishtirok etgan shaxsga” yubiley medalini ta’sis etish to‘g‘risidagi Qonun ham bor. Shuningdek, Majlis tomonidan 12 ta qaror qabul qilindi.
Yig‘ilishda Turkmaniston Xalq Maslahati majlisiga tayyorgarlik ishlari ham muhokama qilindi. Shuningdek, Turkmaniston tashabbusi bilan BMT tomonidan qabul qilingan “2028-yil — Xalqaro huquq yili” rezolyutsiyasidan kelib chiqadigan vazifalarni bajarish masalalariga e’tibor qaratildi.
Tadbir ishtirokchilari 2026-yil davomida, jumladan oktabr oyida “Avaza” milliy sayyohlik hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan davlat va xalqaro ahamiyatga ega tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rishda deputatlarning faol ishtiroki muhimligini ta’kidladilar.
Yig‘ilishda xorijiy parlamentlar, xalqaro tashkilotlar va Turkmanistonda faoliyat yuritayotgan diplomatik vakolatxonalar bilan hamkorlik, shuningdek o‘quv seminarlari va xizmat safarlari qonunchilik faoliyatini takomillashtirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Tadbir qatnashchilari qabul qilinayotgan qonunlarning mazmunini aholiga keng tushuntirish, mamlakat taraqqiyoti va xalqaro tashabbuslarini targ‘ib qilish bo‘yicha ishlarni davom ettirish zarurligini ta’kidladilar.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.