Dovletmämmet Azadi nomidagi Turkmaniston Milliy Jahon tillari instituti yapon tilini o‘qitish va turkman-yapon madaniy-gumanitar aloqalarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining Faxriy yorlig‘iga sazovor bo‘ldi.
Turkmaniston Xalqaro axborot markazining xabar berishicha, mukofotni oliy ta’lim muassasasi rektoriga Yaponiyaning Turkmanistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Sasaki Xirosi topshirdi.
Shu munosabat bilan institutda tantanali tadbir tashkil etildi. Unda Yaponiya elchisi va oliy ta’lim muassasasi rahbariyati so‘zga chiqib, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan turkman-yapon hamkorligini rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.
Tadbir yakunida bayram konserti bo‘lib o‘tdi. Konsert davomida institut talabalari turkman va yapon tillarida qo‘shiqlar ijro etib, raqs chiqishlarini namoyish etdilar. Shuningdek, turkman-yapon munosabatlari va ikki mamlakat madaniyatiga bag‘ishlangan videolavhalar namoyish qilindi.
Mazkur mukofot Turkmaniston Milliy Jahon tillari institutining yapon tilini o‘qitish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish borasidagi faoliyatiga berilgan yuksak bahoni ko‘rsatadi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.