Turkmanistonning «Türkmennebit» va «Türkmengaz» davlat konsernlari vakillari Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida «Huawei» kompaniyasi rahbarlari va mutaxassislari bilan uchrashib, energetika sohasida qo‘llaniladigan zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan tanishdilar.
Turkmaniston delegatsiyasining Xitoyga tashrifining asosiy maqsadi neft-gaz sohasida raqamlashtirishni tezlashtirish uchun foydalaniladigan innovatsion yechimlarni joyida o‘rganishdan iborat bo‘ldi. Bu haqda «Türkmennebit» davlat konsernining matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrifning ilk bosqichida turkmanistonlik mutaxassislarga telekommunikatsiya tizimlari, axborot texnologiyalari va «aqlli» qurilmalarning turli yo‘nalishlarda qo‘llanilishi ko‘rsatildi. Xususan, shahar infratuzilmasini boshqarish, aloqa, jamoat xavfsizligi va moliya tizimlaridagi raqamli yechimlarning amaldagi imkoniyatlari bilan tanishildi.
Shanxay shahridagi innovatsion majmuada o‘tkazilgan tashrif davomida ilmiy-tadqiqot va tajriba markazlarining ishi ham o‘rganildi. Turkmanistonlik vakillar yangi texnologiyalar ishlab chiqarishga joriy etilishidan oldin maxsus laboratoriya sharoitida sinovdan o‘tkzilishi va takomillashtirilishi haqida ma’lumot oldilar.
16-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan maxsus uchrashuvda Turkmaniston neft-gaz majmuasini raqamli jihatdan zamonaviylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. «Huawei» kompaniyasi vakillari Xitoyning CNPC va Birlashgan Arab Amirliklarining ADNOC kompaniyalari bilan hamkorlikda to‘plangan tajribalar haqida ma’lumot berdilar.
Uchrashuvlarda «Cloud + AI + Big Data» texnologiyalarini, yuqori tezlikdagi aloqa tizimlarini va ishlab chiqarish ma’lumotlarini yagona tizimda qo‘llash imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Bunday yechimlarning geologiya-qidiruv ishlarida, burg‘ulash ishlarida, quduqlar holatini kuzatishda va quvurlar monitoringida qo‘llanilishi ishlab chiqarish jarayonlarini aniqroq boshqarishga imkon beradi.
Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda ayrim texnik nosozliklarni oldindan aniqlash, ishlab chiqarish tavakkalchiliklarini kamaytirish va xavfsizlik darajasini oshirish bo‘yicha imkoniyatlar ham namoyish etildi.
Uchrashuvlar davomida «Huawei» kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Teylor Chjou (Taylor Zhou) va kompaniyaning boshqa rahbarlari mintaqada amalga oshirilgan raqamli loyihalar yuzasidan ma’ruza qildilar.
Tomonlar Turkmaniston neft-gaz majmuasida raqamli transformatsiyani chuqurlashtirish, bulutli texnologiyalar va sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.
O‘tkazilgan muzokaralar natijasida xalqaro tajribani Turkmaniston qonunchiligiga, axborot xavfsizligi talablariga va «Türkmennebit» davlat konsernining ishlab chiqarish xususiyatlariga muvofiq ravishda o‘rganish uchun tegishli sinov loyihalarini bosqichma-bosqich amalga oshirish maqsadga muvofiq deb topildi.
Bu uchrashuvlar Turkmaniston neft-gaz sohasida raqamli texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish va xalqaro texnologiya kompaniyalari bilan tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini o‘rganishga imkon berdi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.