
2026-yilning 12-iyunida «Birlashgan Millatlar Tashkiloti O‘yinlari – 2026»ning ochilish marosimi virtual shaklda o‘tkazildi. Unda a’zo davlatlar, BMT Kotibiyati hamda ixtisoslashtirilgan muassasalar vakillari qatnashdilar.
Bu tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti O‘yinlarining uchinchi mavsumi rasman boshlanganini anglatdi. Ushbu tashabbus Turkmaniston taklifi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan 78/325-sonli Rezolyutsiya asosida yaratildi. Rezolyutsiya O‘yinlarni sport diplomatiyasi, taraqqiyot va tinchlik uchun muhim maydon sifatida tan oladi.
Marosimning ochilishida Turkmanistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi Doimiy vakili va Birlashgan Millatlar Tashkiloti O‘yinlarini tashkiliy qo‘mitasi raisi janob Vepa Hajiyev so‘zga chiqib, sportning xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, ishonch va o‘zaro tushunishni mustahkamlashdagi tobora ortib borayotgan ahamiyatini ta’kidladi.
Shuningdek, ishtirokchilar oldida BMT Bosh kotibi yordamchisi va Pensiya boshqaruvi Bosh ijrochi rahbari xonim Rozmari Makklin so‘zga chiqib, sportning BMT hamjamiyatida integratsiya, farovonlik va hamjihatlikni rivojlantirishdagi o‘rniga e’tibor qaratdi.
Marosim davomida 2025-yilda o‘tkazilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti O‘yinlarining muvaffaqiyatlariga bag‘ishlangan maxsus video ko‘rsatildi. O‘yinlarda 100 dan ortiq mamlakat va tashkilotdan 800 dan ortiq sportchi qatnashib, sportning o‘n turi bo‘yicha bellashdilar.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti O‘yinlari ilk bor 2024-yilda Turkmaniston tashabbusi bilan Nyu-York shahrida o‘tkazildi. O‘shanda 85 davlat va 18 tashkilotdan vakillik qilgan 300 dan ortiq sportchi ilk o‘yinlarda qatnashgandi. Shundan buyon bu O‘yinlar BMT hamjamiyati doirasidagi eng yirik sport diplomatiyasi tashabbuslaridan biriga aylandi.
2026-yilgi O‘yinlarda futbol, basketbol, voleybol, tennis, stol tennisi, badminton, piklbol, shaxmat, yugurish va yoga bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. Bu bellashuvlar diplomatlar, xalqaro davlat xizmatchilari va ularning oila a’zolariga sport orqali aloqalarni rivojlantirish hamda insonlararo muloqotni mustahkamlashga imkoniyat yaratadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti O‘yinlari – 2026 ning yopilish va mukofotlarni topshirish marosimi 2026-yilning 17-iyulida Nyu-York shahridagi BMT bosh qarorgohida o‘tkaziladi.
Keywords