Turkmaniston Televideniye, radioeshittirish va kinematografiya davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Annasahad Kakayev jahon miqyosidagi media tanlovi “2026 Global Media Awards” xalqaro hakamlar hay’ati tarkibiga saylandi.
Turkmaniston Xalqaro axborot markazi ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda tanlovda ishtirok etish uchun arizalar va tegishli hujjatlarni qabul qilish ishlari boshlandi. Bu yilgi tanlov “Suv tanqisligi – har bir tomchi muhim” (“Water Bankruptcy – Every Drop Counts”) shiori ostida o‘tkazilmoqda.
“Global Media Awards” loyihasining asosiy maqsadi jahon hamjamiyati, jurnalistlar va turli kontent yaratuvchilarning e’tiborini chuchuk suv resurslarining kamayishi muammosiga qaratish, shuningdek, suv tanqisligining oldini olishga qaratilgan yangi g‘oyalar va yechimlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Bu yilgi tanlov mavzusi BMT Universitetining Suv, atrof-muhit va sog‘liq instituti (UNU-INWEH) direktori doktor Kave Madani tomonidan tayyorlangan BMT hisobotiga asoslanib belgilangan.
Xalqaro tanlovda tele va radio kompaniyalari, mustaqil jurnalistlar, blogerlar hamda talabalar ishtirok etishi mumkin. Ishtirokchilar ishlari “Televideniye” va “Raqamli media” yo‘nalishlari bo‘yicha baholanadi. Birinchi yo‘nalishda reportajlar va hujjatli filmlar, ikkinchi yo‘nalishda esa ijtimoiy tarmoqlar uchun tayyorlangan kontent hamda sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan loyihalar qabul qilinadi.
Tanlovga 2024-yil 15-maydan 2026-yil 15-sentabrgacha yaratilgan ishlar taqdim etilishi mumkin. Hujjatlarni topshirishning oxirgi muddati 2026-yil 15-sentabr etib belgilangan.
Turkmaniston vakilining xalqaro media tanlovi hakamlar hay’ati tarkibida ishtirok etishi mamlakatning ommaviy axborot vositalari sohasidagi xalqaro hamkorligi kengayib borayotganini ko‘rsatadi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.