
Turkmaniston Davlat bojxona xizmati mamlakatda «e-TIR» raqamli xalqaro tizimini to‘liq quvvat bilan ishga tushirish bo‘yicha texnik va tashkiliy chora-tadbirlarni yakunlovchi bosqichda amalga oshirmoqda. Bu haqda videomuloqot tizimi orqali o‘tkazilgan «e-TIR» xalqaro tizimini joriy etish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi ishchi maslahat uchrashuvida ma’lum qilindi.
Raqamli tizim orqali tashkil etilgan ushbu ishchi uchrashuvda Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi (IRU), Turkmaniston xalqaro avtomobil tashuvchilari assotsiatsiyasi (THADA) hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) yuqori darajadagi vakillari va xalqaro ekspertlari ishtirok etdilar.
Muzokaralar davomida Turkmanistonda «e-TIR» tizimini joriy etishning texnik xususiyatlari va amalga oshirilayotgan infratuzilmaviy loyihalar batafsil muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, hozirgi vaqtda mamlakatimizning ushbu zamonaviy raqamli tizimga qo‘shilishi uchun zarur bo‘lgan mustahkam huquqiy baza yaratildi. Rejaga muvofiq, shu yilning iyun-iyul oylarida Markaziy Osiyo mintaqasining boshqa mamlakatlari bojxona organlari bilan birgalikda «e-TIR» tizimini sinov tariqasida (pilot loyiha) ishga tushirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar hayotga tatbiq etiladi.
Xalqaro ekspertlarning bir ovozdan ta’kidlashicha, «e-TIR» tizimi mintaqaviy va jahon miqyosidagi xalqaro yuk tashuvlarida o‘zaro ma’lumot almashishni jadallashtirish uchun yangi va keng imkoniyatlar ochadi. Ushbu raqamli tizimning bojxona tuzilmasiga to‘liq integratsiya qilinishi (uyg‘unlashtirilishi) qog‘ozbozlik hujjat aylanishini sezilarli darajada kamaytirishga, chegara punktlarida transport vositalarining sarflaydigan vaqtini minimal darajaga tushirishga hamda bojxona amallari va nazorati samaradorligini yangi bosqichga ko‘tarishga sharoit yaratadi.
Keywords