Turkmanistonda futbol hakamlari ishini zamonaviylashtirish va uchrashuvlarda qabul qilinadigan qarorlar aniqligini oshirish maqsadida VAR tizimini joriy etish bo‘yicha maxsus o‘quv-mashg‘ulotlariga start berildi.

Turkmaniston futbol federatsiyasining Hakamlar bo‘limi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda milliy chempionat hakamlari uchun video yordamchi hakam — VAR tizimiga bag‘ishlangan nazariy va amaliy darslarni o‘tkazmoqda.

31-avgustdan 4-sentabrgacha davom etayotgan mashg‘ulotlarda Osiyo futbol konfederatsiyasining tajribali mutaxassislari — VAR bo‘yicha mutaxassis-inspektor Jahongir Saidov hamda VAR operatori Sherali Janaliyev ishtirok etmoqda.

Besh kunlik dastur davomida hakamlar va texnik mutaxassislarga VAR tizimining ishlash prinsiplari, texnik imkoniyatlari hamda futbol o‘yinlari vaqtida bahsli o‘yin vaziyatlarini video orqali tahlil qilish va to‘g‘ri baho berish usullari tushuntirilmoqda.

Mashg‘ulotlar davomida nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy treninglarga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu mahalliy mutaxassislarning yangi tizimdan samarali foydalanish bo‘yicha tajribasini oshirishga imkon beradi.

VAR tizimining joriy etilishi Turkmaniston milliy chempionati va Kubogi uchrashuvlarida hakamlik sifatini yaxshilashga, muhim o‘yin lahzalariga aniqroq baho berishga va hakamlar qarorlarining xolisligini kuchaytirishga qaratilgandir. Bunday ishlar turkman futbolidagi hakamlikni xalqaro me'yorlarga yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.