Turkmanistonda koreys oshxonasiga ixtisoslashgan restoranlarning ochilishi kutilmoqda. Bu haqda Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedowning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida imzolangan hamkorlik hujjatlarining birida ko‘zda tutilgan.
Xususan, Turkmanistonning «Kämil market» xo‘jalik jamiyati bilan Koreya Respublikasining «CANA Catering» kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik qilish to‘g‘risida Memorandum imzolandi.
Hujjatga «Kämil market» xo‘jalik jamiyati direktori Mergen Begençew va «CANA Catering» kompaniyasi direktori Le Chong Won imzo chekdilar.
Kelishuvga muvofiq, hamkorlik doirasida Turkmanistonda koreys oshxonasini taqdim etuvchi restoranlarni ochish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish kutilmoqda. Yangi tashabbus turkmanistonliklar orasida koreys milliy taomlarining yanada kengroq tanilishiga imkon yaratish bilan birga, ikki mamlakat xususiy sektori vakillari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga ham shart-sharoit yaratadi.
Loyihaning amalga oshirilishi Turkmanistonda xalqaro oshxona madaniyatining yangi yo‘nalishlari paydo bo‘lishiga va koreys ishbilarmonlarining turkman bozoridagi ishtiroki kengayishiga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.