Turkmanistonda qoramollar bosh sonini ko‘paytirish va chorvachilik tarmog‘ida naslchilik ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida yangi xalqaro loyiha amalga oshirila boshlandi.
1-sentabr kuni Ashxobodda Turkmaniston Davlat chorvachilik va parrandachilik sanoati birlashmasi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) o‘rtasida tegishli qo‘shma loyiha yuzasidan kelishuv imzolandi. Tadbir onlayn shaklda o‘tkazilib, «Qoramollarni nasllantirish va sun'iy urug‘lantirish xizmatlarini takomillashtirish» deb nomlangan loyihaning amalga oshirilishiga start berildi.
Hujjatni turkmanistonliklar nomidan Davlat chorvachilik va parrandachilik sanoati birlashmasi raisi Gochmurat Atayev, FAO nomidan esa tashkilot bosh direktori o‘rinbosari, Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Viorel Gutsu imzoladi.
Loyihaning asosiy maqsadi Turkmanistonda naslchilik asosida qoramollar sonini ko‘paytirish hamda sun'iy urug‘lantirish xizmatlari sifatini oshirish uchun milliy imkoniyatlarni kuchaytirishdan iboratdir. Bu yo‘nalishda chorvachilik tarmog‘iga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish ham nazarda tutilgan.
Loyoya doirasida naslchilik chorvachiligi bo‘yicha huquqiy bazani takomillashtirish, sun'iy urug‘lantirish mutaxassislari va ixtisoslashtirilgan laboratoriyalarning texnik imkoniyatlarini oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, tegishli jihozlarni modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan.
Loyihaning moliyalashtirilish miqdori 180 ming AQSh dollariga teng bo‘lib, uni 2028-yilga qadar yakunlash rejalashtirilgan.
Loyiha natijasida naslchilik ishlarini rivojlantirish bo‘yicha strategik yo‘l xaritasini tayyorlash, tegishli standart ish tartiblarini ishlab chiqish va milliy axborot tizimini yaratish kutilmoqda. Bundan tashqari, milliy naslchilik katalogini yangilash hamda hayvonlarning genetik imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan huquqiy va me'yoriy takliflarni tayyorlash rejalashtirilgan.
Xalqaro tajriba va zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi chorvachilik unumdorligini oshirishga, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga hamda qishloq hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shishga imkon beradi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.