Qirg‘izistonning Cholpon-Ota shahrida davom etayotgan VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ilk kunida Turkmaniston milliy terma jamoasi muvaffaqiyatli qatnashib, bitta oltin va bitta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Turkmanistonlik sportchilarning medallari milliy kurash turlarining 100 kilogrammdan yuqori vazn toifasida o‘tkazilgan musobaqalarda qo‘lga kiritildi.

Turkman milliy kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvda Annagurban Allaberdiyev yuqori natija ko‘rsatdi. U final uchrashuvida musobaqa mezboni – qirg‘izistonlik sportchi Asankeldi Nurkazimni yengib, oltin medal sohibiga aylandi. Qirg‘izistonlik kurashchi kumush medal bilan taqdirlandi, bu yo‘nalishda O‘zbekiston va Afg‘oniston sportchilari bronza medallarini qo‘lga kiritdilar.

Turkmaniston terma jamoasi g‘aznachiligiga yana bir medalni Kemal Kemalov qo‘shdi. U kurash bo‘yicha 100 kilogrammdan yuqori vazn toifasida uchinchi o‘rinni egalladi. Ushbu yo‘nalishda o‘zbekistonlik Numonjon Rajabov chempion bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin eronlik Sadeg Azarangka, boshqa bronza medali esa qirg‘izistonlik sportchiga nasib etdi.

Musobaqalar davomida sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilarga pul mukofotlari ham topshirildi. Oltin medalni qo‘lga kiritganlarga 100 ming so‘m, kumush medal egalariga 80 ming so‘m, bronza medali olgan sportchilarga esa 50 ming so‘m miqdorida mukofot berildi.

VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari 31-avgustdan 6-sentabrgacha Cholpon-Otada o‘tkazilmoqda. Xalqaro sport forumida dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan sportchilar qatnashib, etnosportning 43 turi bo‘yicha o‘zaro bellashmoqdalar.

Har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan ushbu yirik xalqaro musobaqa milliy sport turlarini rivojlantirish, xalqlarning qadimiy an'analari va madaniy merosini jahon jamoatchiligiga keng tanitish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.