Türkmeniston Mejlisi vakillari Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi xalqaro forum ishida ishtirok etishdi. Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning “Yashil Markaziy Osiyo II” dasturi doirasida tashkil etilgan ushbu forum “Markaziy Osiyo ayol parlamentariylari — ‘Barqaror rivojlanish uchun suv’ kun tartibini ilgari surishda yetakchilik” deb nomlandi.

Uch kun davom etgan (24–26-may) xalqaro tadbirning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishga erishish, global iqlim o‘zgarishiga qarshi samarali kurashish va mintaqaviy suv diplomatiyasini ilgari surishda ayol parlamentariylarning o‘rnini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Forum mintaqa davlatlari vakillari uchun tajriba almashish, eng yaxshi qonunchilik va institutsional usullarni muhokama qilish hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish uchun milliy qonunchilikni zamonaviylashtirishga ko‘maklashuvchi muhim platformaga aylandi.

Forum davomida Türkmeniston Mejlisi vakillari so‘zga chiqib, ekologiya va suv siyosatini hayotga tatbiq etishda ayollarning faolligini oshirish axamiyatini ta’kidladilar. Turkmanistonlik vakillar o‘z nutqlarida quyidagi muhim yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratdilar:

  • Milliy qonunchilik va oziq-ovqat xavfsizligi: Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini barqaror ta’minlashda, yer va suv resurslaridan tejamkor hamda samarali foydalanishda hamda atrof-muhitni muhofaza qilishda parlamentar ayollarning qonun ijodkorligi faoliyatidagi ulkan hissasi barqaror rivojlanishning poydevori sifatida ko‘rsatildi.
  • Mintaqaviy hamkorlik va ishonch: Türkmenistonning mintaqa davlatlari o‘rtasida tinchliksevar, o‘zaro ishonchga asoslangan va manfaatli munosabatlarni mustahkamlash borasidagi xalqaro tashabbuslari, ayniqsa, barqaror suv va ekologiya diplomatiyasini rivojlantirish bo‘yicha olib borayotgan siyosati tanishtirildi.
  • Etakchilik qobiliyati: Davlatimizda ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o‘rnini bundan buyon ham yuksalishini ta’minlash, ularning davlat boshqaruvidagi yetakchilik qobiliyatlari va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola etildi.

Xalqaro forum yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar mintaqada suv resurslarini boshqarishda va atrof-muhit barqarorligini saqlashda hamkorlikdagi parlamentlararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelishib oldilar.