
Turkmanistonlik Jahan Sariyeva Lanchjou transport universitetining ilk turkman talabalaridan biri bo‘lish bilan birga, shu oliy o‘quv yurtining xitoy tili o‘qituvchisi darajasigacha bo‘lgan katta yo‘lni bosib o‘tdi. Bugungi kunda u universitetda xitoy tilini chet tili sifatida o‘qitish bo‘yicha rasmiy mutaxassislik sertifikatini olgan yagona xorijlik mutaxassis hisoblanadi.
Sariyeva 2008-yilda Lanchjou transport universitetiga o‘qishga kirdi — u ushbu oliy o‘quv yurtini tanlagan dastlabki o‘n ikki nafar turkman talabasidan biri edi. Uning aytishicha, Xitoyga bo‘lgan qiziqish unda hali o‘rta maktabda o‘qib yurgan vaqtlarida Konfutsiy tarixi, Xitoy devori va choy madaniyati bilan tanishish orqali paydo bo‘lgan. Hozirgi vaqtga qadar ushbu universitet Turkmanistondan 200 dan ortiq bitiruvchilarni tayyorladi.
2019-yilda J. Sariyeva universitetning xalqaro ta’lim institutida o‘qituvchilik va boshqaruv ishiga o‘tdi. U darslarida Markaziy Osiyo va Rossiyadan kelgan talabalar bilan rus tilida, Yevropa va Afrikadan kelgan talabalar bilan esa ingliz tilida muloqot qiladi. “Turli tillarni bilishim va madaniyatlarni tushunishim menga dunyo bilan aloqa ko‘priklarini qurishga imkon beradi”, — deb ta’kidladi u “Sinva” axborot agentligi muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda.
2022-yilda Jahan Sariyeva Gansu provinsiyasi hukumatining “Dunxuan” mukofotiga loyiq ko‘rildi. Ushbu mukofot mintaqa iqtisodiyoti, fani, ta’limi va mutaxassislar tayyorlash tizimini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan xorijlik mutaxassislarga beriladi.
O‘qituvchilikdan tashqari, u “Xorijlik mutaxassislar kitob uyi” qoshidagi kitobxonlar klubiga rahbarlik qiladi. Bu yerda turli mamlakatlardan kelgan o‘qituvchilar va talabalar o‘qigan kitoblari haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashadilar.
Keywords