Suv havzasini saqlab qolish va tiklash boʻyicha maxsus dastur doirasida Qozogʻiston joriy yilning oxiriga qadar Shimoliy Orol dengiziga yana 1,2 milliard kub metr suv oqizishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qozogʻiston suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov Qiziloʻrda viloyatiga amalga oshirgan ish safari chogʻida Orol tumani baliqchilari bilan oʻtkazgan uchrashuvida maʼlum qildi. Vazirlik bergan maʼlumotga koʻra, Shimoliy Orol dengizini saqlab qolish yoʻlida kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu maqsad uchun Jahon banki bilan qoʻshma loyihaning ikkinchi bosqichi ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy yoʻnalishlaridan biri dengizdagi suv sathi va umumiy hajmini oshirish uchun Koʻkaral toʻgʻonini toʻliq yangilashdan iboratdir. Uchrashuvda soʻzga chiqqan Nurjan Nurjigitov hukumatning yaqin kelajakdagi rejalashtirgan asosiy maqsadlariga ham toʻxtalib oʻtdi. Xususan, mamlakat muhandislari va mutaxassislari tomonidan 2030-yilga qadar Shimoliy Orol dengizidagi suv hajmini 34 milliard kub metrga yetkazish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilayotgani aytildi.