AQSh Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Kristofer Landau 16–24-noyabr kunlari amalga oshirilayotgan mintaqaviy safari doirasida Ashxobodga tashrif buyurishi kutilmoqda. Safar dasturidan Tojikiston va Turkiyaga borish ham o‘rin olgan. Bu haqda AQSh Davlat departamentining rasmiy ma’lumotida xabar berilgan.

Ashxoboddagi muzokaralarning asosiy mavzularidan biri Kaspiyorti yo‘nalishi orqali energiya resurslari eksportini diversifikatsiya qilish bo‘ladi. Shuningdek, tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qiladilar.

Tashrif dasturiga muvofiq, Kristofer Landau Turkmaniston rahbariyati, shuningdek, turkman va amerikalik ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. AQShning yuqori martabali diplomati Vashington Kaspiyorti yo‘nalishidagi energiya eksporti yo‘laklarini rivojlantirish borasida Turkmaniston bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanini tasdiqlashni maqsad qilgan.

Muzokaralar davomida «Trampning xalqaro tinchlik va farovonlik yo‘li» tashabbusi doirasidagi hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqiladi.

AQSh Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Ashxoboddagi maslahatlashuvlar Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari amalga oshirayotgan to‘qqiz kunlik mintaqaviy safarning yakuniy bosqichi bo‘ladi. Safar davomida Tojikiston va Turkiyada ham mintaqalararo transport aloqalarini rivojlantirish, ta’minot zanjirlari barqarorligi, energetika xavfsizligi hamda tijorat loyihalarini ilgari surish masalalari yuzasidan fikr almashiladi.