AQSh transport vaziri Shon Daffining aytishicha, havo harakatini boshqarish markazlarida radar aloqasining beqaror ishlashi parvozlarning kechikishi va vaqtincha to‘xtatilishiga sabab bo‘lgan.
«The New York Times» nashriga tayanib, «Report» axborot agentligi xabar berishicha, vazir bu haqda ichki xavfsizlik vaziri Markveyn Mallin bilan birgalikda o‘tkazgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.
Shon Daffining ta’kidlashicha, AQSh Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA) parvozlarni to‘xtatish haqida ko‘rsatma bergan paytda 3 500 dan ortiq samolyot allaqachon havoda bo‘lgan.
Transport vaziri yuzaga kelgan uzilishlarni havo harakatini boshqarish tizimining haddan tashqari eskirgani bilan izohladi. Vazirlardan bu holat kiberhujum yoki nazoratdan chiqqan sun’iy intellekt oqibati emasligiga to‘liq ishonch bildira olishlari so‘ralganida, Markveyn Mallin hozircha bunga yuz foiz kafolat berishning imkoni yo‘qligini, biroq dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, sabab bunday emasligini aytdi.
Nashrning yozishicha, Shon Daffi so‘nggi bir necha oy davomida havo harakatini boshqarish tizimini modernizatsiya qilish uchun Kongressdan qo‘shimcha 30 milliard dollar ajratishni talab qilib kelgan. Parvozlarda yuzaga kelgan uzilishlardan so‘ng esa vazir ushbu maqsad uchun endi 50 milliard dollar kerak bo‘lishini ma’lum qildi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.