AQShning To‘qqizinchi federal apellyatsiya sudi Donald Tramp ma’muriyatining iltimosini qanoatlantirib, DV-2027 Green Card dasturi bo‘yicha arizalarni qabul qilishni boshlashni talab qilgan avvalgi sud qarori ijrosini vaqtincha to‘xtatdi.

Shu sababli DV-2027 Green Card lotereyasi 2026-yil 1-noyabrda boshlanishi kutilmayapti.

Uch nafar sudya — M. Margaret Makkeon, N. Rendi Smit va Holli A. Tomasdan iborat hay’at ma’muriyatning apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilguniga qadar avvalgi qaror ijrosini vaqtincha to‘xtatib turish haqidagi iltimosini ma’qulladi.

Sud qanday qaror qabul qildi?

Sud o‘z qarorida AQSh Davlat departamenti Green Card dasturi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish jarayonini hali boshlamaganini qayd etdi. Shuningdek, “Red Eagle” tomoni tegishli qonun bilan himoya qilinadigan manfaatlar doirasiga kirishini hamda mazkur qonunga asoslanib da’vo qo‘zg‘atish huquqiga ega ekanini yetarli darajada isbotlay olmaganini bildirdi.

Shu munosabat bilan ma’muriyatning apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilguniga qadar avvalgi qaror ijrosini to‘xtatish haqidagi shoshilinch iltimosi qanoatlantirildi. Shuningdek, ishni keyingi bosqichda ko‘rib chiqish uchun zarur hujjatlarni topshirish muddatlari belgilanishi ma’lum qilindi.

DV-2027 dasturini kutayotganlar uchun bu nimani anglatadi?

Sudning yangi qarori 1-noyabr kuni arizalarni qabul qilishni boshlashni talab qilgan avvalgi qaror hozircha ijro etilmasligini anglatadi.

Shu bilan birga, bu qaror DV-2027 Green Card lotereyasi butunlay bekor qilinganini bildirmaydi. Dastur bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish qachon boshlanishi masalasi hozircha uzil-kesil hal etilmagan.