Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Rossiyaning Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) faoliyatiga qo‘shilishi yoki tashkilotda kuzatuvchi maqomida ishtirok etishi maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidladi. U bu taklifni Anqarada bo‘lib o‘tgan TDTning XIII sammitida ilgari surdi.
Qozog‘iston davlat rahbarining ta’kidlashicha, tashkilotning xalqaro nufuzini oshirish va hamkorlikni kengaytirish uchun “Turkiy davlatlar tashkiloti+” formatining imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhimdir. Bu haqda “Kazinform” axborot agentligi “Aqorda”ga tayanib xabar berdi.
Toqayev Rossiyaning turkiy dunyo bilan ko‘p asrlik tarixiy va madaniy aloqalari mavjudligini, mamlakat hududida ko‘plab turkiy xalqlar yashashini qayd etdi. Shuningdek, u Rossiya “Oltoy — turkiy sivilizatsiya beshigi” loyihasini ilgari surayotganini va Qozog‘iston ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Prezidentning fikricha, Rossiyaning tashkilot faoliyatiga qo‘shilishi yoki unda kuzatuvchi maqomida ishtirok etishi barcha a’zo davlatlar uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Toqayev o‘z nutqida Turkiy davlatlar tashkiloti turkiy dunyo birdamligini mustahkamlash va davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi o‘ziga xos xalqaro tuzilma ekanini ham alohida ta’kidladi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.