AQSh Davlat departamenti viza olish uchun ariza topshiruvchilarni konsullik tekshiruvidan o‘tkazishni kuchaytirishga qaratilgan yangi choralarni amalga oshirmoqda.
AQSh Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati dunyoning turli mamlakatlarida AQSh vizalarini olish uchun konsullik suhbatlarini o‘tkazish tartibiga vaqtinchalik o‘zgartirishlar kiritdi. Yangi choralar global konsullik tayyorgarligini o‘tkazish va viza uchun ariza topshiruvchilarni tekshirish jarayonlarini kuchaytirish bilan bog‘liqligi xabar qilinmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh Davlat departamenti dunyoning turli hududlaridagi elchixonalar va konsulliklar uchun maxsus global o‘quv dasturini ishga tushirdi. Shu munosabat bilan viza arizalarini qabul qilish va konsullik suhbatlarini o‘tkazish ishlari yangi tartib asosida tashkil etiladi.
Suhbat uchun uchrashuv vaqti avvaldan belgilangan ayrim ariza topshiruvchilarga elektron pochta orqali ularning uchrashuvlari bekor qilingani haqida xabar yuborildi. Shuningdek, yangi uchrashuv sanasi va vaqti haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.
Bu choralar AQShning amaldagi ma’muriyati tomonidan migratsiya va viza nazoratini kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan siyosat doirasida amalga oshirilmoqda. Yangi yondashuv vizalar va yashash uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni olishga ariza topshirayotgan shaxslarni yanada chuqurroq tekshirishni, shuningdek, qochqinlarni qabul qilish bilan bog‘liq qoidalarni qayta ko‘rib chiqishni o‘z ichiga oladi.
Shu sababli AQSh vizasini olishni istagan xorijiy fuqarolarga AQShning diplomatik va konsullik muassasalari tomonidan taqdim etilayotgan yangi ma’lumotlarga diqqat bilan e’tibor berish hamda suhbat sanasi va vaqti haqidagi xabarlarni muntazam tekshirib turish tavsiya etiladi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.