
Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida shu yilning oktabr oyida uchinchi Turkmaniston – BAA biznes-forumi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu masala Turkmanistonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi (BAA) elchisi Bayram Bayramovning chorshanba kuni Sharja Savdo-sanoat palatasi raisi Abdulla Sulton Al-Ovays va BAA Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi bosh kotibi Hamid Muhammad bin Salem bilan o‘tkazilgan uchrashuvida muhokama qilindi.
“Al Khaleej” nashrining xabar berishicha, tomonlar ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar, shuningdek, BAA va Turkmanistonning hozirgi investitsiya holati hamda biznes salohiyati bo‘yicha fikr almashdilar.
Abdulla Sulton Al-Ovays ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirish va ishbilarmon doiralar tashriflari almashinuvining muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, u ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik savdo rivojlanishiga va sheriklik kengayishiga xizmat qilishini qayd etdi.
Uchrashuv doirasida BAA Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi iqtisodiy, savdo va investitsiya yo‘nalishlarida Turkmaniston bilan hamkorlikni izchil mustahkamlashdan manfaatdor ekani bildirildi.
Ikkinchi Turkmaniston – BAA biznes-forumi 2025-yil oktabr oyida Sharja Savdo-sanoat palatasi binosida bo‘lib o‘tgan edi.
Keywords