
Madaniy qadriyatlar – xalqning tarixiy tajribasidan, ruhiy dunyosidan va turmush tamoyillaridan sarchashma oladigan, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan moddiy va ma’naviy merosdir. Ular jamiyatning o‘ziga xosligini saqlashga, milliy ongni mustahkamlashga va ahillikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Ularning qatorida to‘y o‘tkazish hamda nikoh tuzish kabi urf-odatlar ham munosib o‘rin egallaydi. «Bagt köşgi» to‘y tantanalari markazi muhtaram Prezidentimiz boshchiligida asrlarga tatigulik islohotlarni boshidan kechirayotgan yurtimizda milliy urf-odatlarimizga muvofiq to‘y va nikoh marosimlarini yuqori darajada o‘tkazish, yosh avlodni yuksak axloqiy ruhda tarbiyalash, to‘y tantanalarida madaniy xizmatlarni tashkil etish, xalqimizning ahilligi va birligini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan markazlardan biridir. «Bagt köşgi» – turkman xalqining asil to‘y an’analarini zamonaviy ko‘rinishda tarannum etuvchi, madaniy-estetik qadriyatlarni o‘zida jamlagan muhim me’moriy-madaniy markazdir. Poytaxtimiz Ashgabatda joylashgan ushbu to‘y tantanalari markazi oila muqaddasligini, ahillikni va baxtiyor kelajakni sharaflashning namunali maydoniga aylandi. «Bagt köşgi»ning me’moriy yechimi milliy naqshlar bilan zamonaviy dizaynning uyg‘unligiga asoslangan. Keng va yorug‘ zallar, bezaklarning nafisligi, yuqori darajadagi akustika va yoritish tizimlari tantanalarga o‘zgacha shukuh va go‘zallik bag‘ishlaydi. Tashqi ko‘rinishidagi go‘zal shakllar hamda keng maydonlar to‘y tantanalariga munosib saviya qo‘shadi. Ta’kidlash joizki, 2011-yilda foydalanishga topshirilgan ushbu markaz 11 qavatdan iborat bo‘lib, binoda 3 ta yirik to‘y zali joylashgan: 1000 o‘rinli «Ak ýol», 500 o‘rinli «Nur» va «Älem» to‘y zallari. Banketlar o‘tkazishga mo‘ljallangan kichik zallar 7 ta bo‘lib, ulardan «Çeşme» – 200 o‘rinli, «Şugla», «Daragt», «Zamana», «Ajaýyp», «Ýaýla», «Bagtly» zallari esa 100 o‘rinlidir. Nikoh zallari ham 7 ta bo‘lib, ulardan «Şäher» va «Sahawat» zallari 150 o‘rinli, «Şapak», «Ýyldyz», «Dessan», «Ylham» va «Şamçyrag» zallari 100 o‘rinlidir. Shuningdek, binoda 22 xonali mehmonxona, 36 ta do‘kon va xizmat ko‘rsatish salonlari hamda kafelar mavjud. Binoning yerto‘la qavatida 300 ta mashina sig‘adigan yopiq va bino atrofida 300 o‘rinli ochiq avtoturargoh joylashgan. «Bagt köşgi» nafaqat rasmiy nikohdan o‘tish marosimlari o‘tkaziladigan joy, balki turkman milliy to‘y an’analari targ‘ib qilinadigan madaniy markazdir. Bu yerda ayollarni e’zozlash, kattalarni hurmat qilish, oila birligini mustahkamlash kabi qadimiy an’analar zamonaviy ko‘rinishda davom ettirilmoqda. To‘y tantanalari davomida milliy kuy-qo‘shiqlar, urf-odatlar va milliy liboslarning qo‘llanilishi madaniy merosning avloddan-avlodga o‘tishiga xizmat qiladi. Xalqimizning to‘ylari yangi jilolar, zamonaviy an’analar bilan tobora boyib bormoqda. Hozirgi vaqtda «Bagt köşgi» to‘y tantanalari markazi milliy to‘ylarimizning shodiyona va quvonch bilan o‘tadigan maskaniga aylandi. Markazning transport-texnika bo‘limi 2 ta «Lincoln-Limousine» rusumli limuzin, 10 ta «Lincoln-Sedan» rusumli kabriolet, 2 ta «Toyota Coaster» rusumli avtobus, jami 14 ta avtotransport vositasiga texnik xizmat ko‘rsatish, aholining to‘y-marosimlari bilan bog‘liq avtotransportlarni ijaraga berish bo‘yicha buyurtmalarni qabul qilish va bajarish ishlarini olib boradi. Avtomobillar zamonaviy va milliy uslubda bezatiladi. «Bagt köşgi» – baxtiyor oilalar barpo etiladigan, milliy an’analar bilan zamonaviy madaniyat uyg‘unlashgan markaz bo‘lib, xalqimizning ma’naviy boyligini, asil qadriyatlarini va kelajakka bo‘lgan ishonchini tarannum etuvchi namunali madaniyat o‘chog‘i hisoblanadi.
Keywords