Dunyoning yirik kriptovalyuta birjalaridan biri bo‘lgan Bitget haker hujumiga uchragani va buning natijasida umumiy qiymati 351,6 million AQSh dollariga teng raqamli aktivlar o‘g‘irlanganini e’lon qildi.

Hujumdan so‘ng platforma mablag‘larni yechib olish amaliyotlarini vaqtincha to‘xtatdi. Shu bilan birga, kompaniya mijozlarning aktivlari xavfsiz holatda qolayotganini bildirdi.

CoinDesk nashrining ochiq blokcheyn ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, 24-sentabr kuni bir soat ichida birjadan bir manzilning hisobiga taxminan 183 million dollarlik turli kriptovalyutalar chiqarib yuborilgan. Ularning orasida ETH, USDT, USDC, AVAX, BNB va boshqa raqamli aktivlar bor.

Keyinroq Bitget rahbari Graysi Chen o‘g‘irlangan mablag‘larning umumiy miqdori 351,6 million dollarga yetganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, hujum internet tarmog‘iga ulangan «issiq» kripto-hamyonlarning faqat bir qismiga ta’sir qilgan. Internetdan uzib saqlanadigan «sovuq» hamyonlarga esa zarar yetmagan.

Bitget hujumning qanday amalga oshirilgani haqida hozircha to‘liq ma’lumot bermadi. Kompaniya rahbari voqeaning sabablari va tegishli choralar bo‘yicha to‘liq hisobot 24 soat ichida e’lon qilinishini aytdi.

Ichki tekshiruv yakunlangunga qadar Bitget mablag‘larni yechib olish amaliyotlarini to‘xtatib turdi. Graysi Chen mijozlarning aktivlari xavfsizligini va yuzaga kelgan yo‘qotishlar birjaning 464 million dollarlik sug‘urta fondi hisobidan to‘liq yopilishi mumkinligini ta’kidladi.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Bitget 2018-yilda Seyshel orollarida ro‘yxatga olingan bo‘lib, dunyodagi yirik markazlashgan kriptovalyuta birjalari qatoriga kiradi. Kompaniyaning o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, platformada ro‘yxatga olingan foydalanuvchilar soni 120 millionga yetadi.