
18-mart kuni Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mahri Bashimova BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining (UNHCR) Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Mahir Safarli bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Turkmaniston TIV rasmiy saytida berilgan xabarga ko‘ra, M. Safarli o‘zini BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili lavozimiga tayinlanganligi haqidagi xatni turkman tomoniga topshirdi. O‘z navbatida, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari uni lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Xabarda ta’kidlanganidek, tomonlar Turkmaniston va UNHCR o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va kelajakdagi yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashdilar. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro gumanitar kun tartibidagi muhim masalalar muhokama qilindi.
Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar muammosini bartaraf etish bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar bu borada Turkmanistonning erishgan muhim yutuqlarini, jumladan, 2019–2024-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi amalga oshirilganini qayd etdilar.
Tomonlar Turkmanistonning BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining global tashabbuslarida ishtirok etishi, jumladan, Fuqarosizlikka barham berish bo‘yicha Global alyansga qo‘shilishi va qochqinlar masalalari bo‘yicha global forumlarda qatnashishini muhokama qildilar.
Uchrashuvda Turkmanistonning 2028-yilni Xalqaro huquq yili deb e’lon qilish haqidagi tashabbusi va uni ilgari surishda UNHCR bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari bo‘yicha fikr almashildi.
Mintaqaviy kun tartibi doirasida tomonlar mintaqadagi vaziyat bo‘yicha fikr almashib, gumanitar inqirozlarning oldini olish bo‘yicha profilaktik choralarning muhimligini ta’kidladilar.
Uchrashuv davomida hamkorlikning tashkiliy masalalari, jumladan, kelgusi davr uchun qo‘shma chora-tadbirlar rejasini tayyorlash bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Keywords