
Payshanba kuni Belgiyaning Brussel shahrida joylashgan Yevropa Parlamentida “Yevropa Ittifoqi – Turkmaniston” formatidagi to‘qqizinchi parlamentlararo uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turkmanistonning Belgiyadagi Elchixonasi xabar berdi.
Turkmaniston delegatsiyasiga Turkmaniston Mejlisi xalqaro va parlamentlararo aloqalar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Maqsad Kuliyev boshchilik qildi. Uchrashuv Yevropa Parlamentining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi (DCAS) raisi, deputat Juzeppina Princhi rahbarligida o‘tkazildi.
Uchrashuv ishtirokchilari tomonlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash va muloqotni rivojlantirish uchun muntazam parlamentlararo aloqalar muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladilar. Tomonlar iqtisodiyot, energetika, fan-ta’lim dasturlari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Turkmaniston tomoni barqaror rivojlanish, energetika va ekologiya bilan bog‘liq milliy ustuvor yo‘nalishlar, jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, Turkmanboshi xalqaro dengiz portining imkoniyatlari ham qayd etildi. Shu bilan birga, Turkmanistonning doimiy Betaraflik maqomi tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashning muhim ko‘rsatkichi sifatida qaralishi ta’kidlandi.
Shu kuni senator va Flamand Parlamenti deputati Stefani D'Hoze boshchiligidagi Belgiya parlamentariylari hamda Turkmaniston Mejlisi a’zolari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Belgiya tomoni Turkmanistonning iqtisodiy rivojlanishi va hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlariga katta qiziqish bildirdi.
Parlamentlararo muloqotning navbatdagi majlisini kelgusi yil boshida Ashgabatda o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Keywords