Bugungi kunda chet tillarini o‘rganish yoshlarning bilim darajasini oshirish va kelajakdagi kasbiy imkoniyatlarini kengaytirishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Ingliz tilini o‘qitishda esa o‘quvchilarning nafaqat so‘z boyligini oshirish, balki tinglab tushunish, erkin so‘zlashish, o‘qish va yozish ko‘nikmalarini ham uyg‘un ravishda rivojlantirish zarur. Bu borada raqamli texnologiyalar o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
«Lebap.biz» saytida e’lon qilingan maqolada Danev tumanidagi 11-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Renagul Babanyazova chet tillarini o‘qitishda raqamli vositalarning ahamiyatiga e’tibor qaratadi.
Maqolada ta’kidlanishicha, darslarda mavzu mazmuniga mos ravishda tanlangan audioyozuvlar, qisqa videolar, ko‘rgazmali materiallar va interaktiv topshiriqlardan foydalanish ta’lim samaradorligini oshiradi. Masalan, o‘quvchi yangi so‘zni shunchaki yodlab qolmay, uning to‘g‘ri talaffuzini tinglaydi va gapda qanday qo‘llanilishini ham tushunadi. Bunday yondashuv yangi ma’lumotlarni yaxshiroq o‘zlashtirishga yordam beradi.
Shuningdek, so‘z birikmalarini o‘rganishga qaratilgan elektron mashqlar, rasmlar asosida suhbatlar tashkil etish hamda savol-javob shaklidagi topshiriqlar darslarning qiziqarli va samarali o‘tishiga imkon yaratadi.
O‘qituvchining ta’kidlashicha, raqamli vositalardan maqsadli foydalanish o‘quvchilarning darsga bo‘lgan qiziqishini oshiradi va ularning chet tillarini o‘rganish bo‘yicha ko‘nikmalarini takomillashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.