2026-yil 17-aprelda Moskva shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv nafaqat Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash bilan cheklanib qolmay, balki kelajakdagi tarixiy uchrashuvlarning sanasi va joyini ham belgilab berdi.

Majlis davomida xalqaro darajadagi muhim masalalar muhokama qilindi va quyidagi asosiy qarorlar qabul qildi:

  • MDH doirasida ta’lim sohasi bo‘yicha ikkita yangi tayanch tashkilotini tuzish borasida kelishib olindi.
  • Insonning koinotga ilk parvozining 65 yilligiga bag‘ishlangan Qo‘shma bayonot tasdiqlandi. Unda kosmosdan faqat tinch maqsadlarda va barcha xalqlar manfaati yo‘lida foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
  • «TASS» agentligining xabar berishicha, ishtirokchilar MDH Davlat rahbarlari kengashi va Hukumat rahbarlari kengashi tasdig‘iga kiritiladigan bir qator hujjatlar loyihalarini ham ko‘rib chiqdilar.

MDH Bosh kotibi Sergey Lebedevning xabar berishicha, Hamdo‘stlik tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi uchrashuvi 7-oktabr kuni Turkmanistonda bo‘lib o‘tadi.

Ushbu uchrashuv 2026-yil 9-oktabrga rejalashtirilgan MDH Davlat rahbarlari kengashi (sammiti) arafasidagi muhim tayyorgarlik bosqichi bo‘ladi. Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Axmet Gurbanov ta’kidlaganidek, ushbu keng ko‘lamli siyosiy tadbir Kaspiy dengizining marvaridi bo‘lgan «Avaza» milliy sayyohlik zonasida o‘tkaziladi.

MDHning yuqori darajadagi uchrashuvlari Turkmanistonda, xususan Avazada o‘tkazilishi mamlakatimiz mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlovchi samarali maydon ekanligini isbotlaydi. Bu Betaraf davlatimizning xalqaro hamkorlikdagi ortib borayotgan o‘rnini hamda tashkilotchilik va mehmondo‘stlik salohiyati yuqori darajada ekanligini jahon hamjamiyatiga yana bir bor aýdyň ko‘rsatadi.