
Davlatimizda aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz va ishonchli ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Elektr tarmoqlarining barqaror va xavfsiz ishlashi nafaqat soha xizmatlari, balki jamiyatning kundalik hayoti, sanoat va qishloq xo‘jaligi faoliyatining asosiy shartidir. Shu sababli, elektr energiyasidan foydalanishda belgilangan qoidalarga rioya qilish har bir fuqaroning burchidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2015 yil 28 mayda tasdiqlangan «Elektr tarmoqlarini himoya qilishni ta’minlash qoidalari»ga muvofiq, havoda o‘tayotgan elektr uzatish tarmoqlari atrofida maxsus himoya zonalari belgilanadi. Ushbu zonalar turli kuchlanishdagi tarmoqlar uchun aniq masofalarda belgilanadi. Himoya zonalarining maqsadi — elektr tarmoqlarini tashqi ta’sirlardan himoya qilish, falokatlarning oldini olish va aholi xavfsizligini ta’minlashdir.
Ushbu qoidalarga ko‘ra, havodagi elektr uzatish tarmoqlarining himoya zonalarida olov yoqish taqiqlanadi. Shuningdek, tegishli idoralarning yozma roziligisiz, bu zonalarda binolar qurish, yer qazish, portlatish ishlari, bog‘ va maydon ekish, chorva mollarini boqish, 4,5 metrdan yuqori transport vositalari va jihozlarni o‘tkazish taqiqlanadi.
Afsuski, ba’zi hollarda ushbu qoidalarning buzilishi natijasida elektr tarmoqlari favqulodda tarzda uziladi. Himoya zonalarida noqonuniy qurilish yoki ta’mirlash ishlarida ishlayotgan shaxslar elektr tokiga urilib, baxtsiz hodisalarga duch kelishi mumkin. Bu esa sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda uzilishlarga, iqtisodiy zararlarning ortishiga olib keladi.
Shu bilan bog‘liq holda, fuqarolarni havodagi elektr uzatish tarmoqlari yaqinida olov yoqish va himoya zonalarida taqiqlangan har qanday ishlarni bajarishdan tiyilishga chaqiramiz. Belgilangan qoidalarga rioya qilish — umumiy xavfsizligimiz, elektr ta’minotining uzluksizligi va mamlakatimizning farovonligi uchun zarur shartdir.
Keywords