Vashingtondagi Kaspiy siyosiy markazi (CPC) Cholpon-Otada (Qirg‘iziston) o‘tkazilgan C6 sammiti yakunlariga hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikning kelgusi imkoniyatlariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda mintaqaning AQShda akkreditatsiyadan o‘tgan beshta davlati elchilari, shu jumladan Turkmaniston elchisi Esen Aydogdiyev ham ishtirok etdi.
CPC prezidenti va bosh ijrochi direktori Efgan Nifti uchrashuvni ochar ekan, mintaqada chegaraviy nizolar va siyosiy keskinlik davridan muloqot hamda hamkorlik davriga o‘tilganini ta'kidladi. Tadbir moderatori Erik Rudenshiold Cholpon-Otadagi sammitni munosabatlar rivojidagi navbatdagi bosqich sifatida baholadi.
Turkmanistonning AQShdagi elchisi Esen Aydogdiyev o‘z nutqida Kaspiy dengizining mintaqalararo bog‘liqlik omili sifatidagi o‘rnini alohida ta'kidladi. Uninig so‘zlariga ko‘ra, Kaspiy bundan buyon ajratuvchi chiziq emas, balki Markaziy Osiyo bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi birlashtiruvchi halka vazifasini o‘tamoqda.
Mintaqaviy hamkorlik kelajagi haqida gapirganda, E.Aydogdiyev amaliy natijalarga erishishni, xususan, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirishni ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rsatdi. Elchi Turkmanistonning doimiy neytralitet siyosatiga alohida e'tibor qaratib, uni mamlakat tashqi siyosatining asosiy falsafasi debatadi. Bunda u neytralitetni yakkalanib qolish siyosati deb tushunmaslik kerakligini, aksincha, bu mavqe Turkmanistonning ishonchli va ochiq hamkor sifatidagi maqomini mustahkamlashini ta'kidladi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.