O‘qituvchilik — shunchaki kasb emas, balki avlodlar taqdiriga ta’sir ko‘rsatadigan, sabr-toqat, shijoat va ulkan mas’uliyatni talab qiluvchi muqaddas kasblardan biridir. Bilimlar va talaba-yoshlar kuni o‘qituvchilar uchun alohida mazmunli bayramdir. Bu kun maktablarda yangraydigan ilk qo‘ng‘iroq yangi ish boshlagan yosh o‘qituvchining ilk qadamlarini, tajribali ustozning esa ko‘p yillik mehnat yo‘lini yodga soladi. Parahat Huseynova uchun ham 1-sentabr alohida ahamiyatga ega. Chunki u oq maktabda yosh avlodga bilim va tarbiya berishga bag‘ishlagan umrining qirqinchi o‘quv yiliga qadam qo‘ymoqda. Parahat o‘qituvchining kasb tanlashida oilasining ta’siri katta bo‘lgan. Otasining ko‘p yillik o‘qituvchilik tajribasi, mehnatga bo‘lgan muhabbati va tanlagan kasbiga sadoqati u uchun haqiqiy ibrat maktabiga aylangan. Bu o‘rnak yosh Parahatning ham o‘qituvchilik kasbini yuragiga yaqin tanlashiga va uni hayotining asosiy maqsadiga aylantirishiga yo‘l ochgan. Parahat Huseynova 1958-yil 2-aprelda Sayat tumanining Chaltut kengashligida ishchi oilasida dunyoga kelgan. Mehnat faoliyatini Sayat tumanidagi 2-sonli bolalar bog‘chasi-yaslisida tarbiyachi bo‘lib boshlagan yosh mutaxassis oliy ma’lumot olishni ham asosiy maqsadlaridan biriga aylantirgan. U 1980–1986-yillarda Maxtumquli nomidagi Turkman davlat universitetining rus tili va adabiyoti bo‘limida tahsil olib, filolog-o‘qituvchi kasbiga ega bo‘ldi. Shuningdek, 1994-yilda Seyitnazar Seydi nomidagi Turkman davlat pedagogika institutining qisqa muddatli o‘quv kursini tamomlab, turkman tili va adabiyoti o‘qituvchisi kasbini egalladi. Oliy o‘quv yurtini tamomlagach, 1986-yilda Sayat tumanidagi 33-sonli o‘rta maktabda rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi bo‘lib ish boshlagan Parahat Huseynova qisqa vaqt ichida o‘zini ziyrak va tashkilotchi mutaxassis sifatida tanitdi. 1988-yilda shu maktabda direktorning tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Tug‘ilib o‘sgan qishlog‘idagi maktabda yillar davomida ulkan obro‘ qozongan ustoz o‘qituvchining mehnat yo‘li so‘ngra Turkmanabot shahri bilan davom etdi. U 1996-yildan buyon Turkmanabot shahridagi chet tillariga ixtisoslashtirilgan 2-sonli o‘rta maktabda turkman tili va adabiyoti o‘qituvchisi bo‘lib, yosh avlodga ta’lim va tarbiya bermoqda. Parahat o‘qituvchining ko‘p yillik mehnatining natijasi uning shogirdlari erishayotgan yutuqlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. O‘qituvchining o‘quvchilari fan olimpiadalarining shahar, viloyat va davlat bosqichlarida, shuningdek, internet olimpiadalarida muntazam ravishda sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘lib kelmoqdalar. Shogirdlarning har bir yutug‘i ustoz o‘qituvchining ko‘p yillik mehnati, kasbiga bo‘lgan muhabbati va fidoyiligining munosib samarasidir. Chunki haqiqiy o‘qituvchining qo‘lga kiritgan eng ulkan boyligi uning shogirdlarining bilimda, hayotda va jamiyatda erishayotgan yutuqlaridir. Parahat Huseynovaning qirq yilga yaqin davom etayotgan o‘qituvchilik yo‘li ezgu kasbga sadoqatning, uzluksiz izlanishning hamda avlodlar tarbiyasiga bag‘ishlangan umrning yorqin namunasidir. Shunday ustozlarning ibratli mehnati yosh o‘qituvchilar uchun ham ulkan maktab bo‘lib xizmat qiladi.
Eziz kasb egasi
2 daqiqa o'qish1

👩🏫📚 Ezgu kasbga sadoqat. O‘qituvchi Parahat Huseyinova pedagogik faoliyatining 40-o‘quv yilini boshlamoqda. Ko‘p yillik mehnati davomida u shogirdlarining yutuqlariga katta hissa qo‘shib, o‘qituvchilik kasbiga sadoqat namunasini ko‘rsatib kelmoqda.






Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.