2026-yil 26-noyabr kuni Turkmaniston Davlat bojxona xizmatida Turkmaniston va O‘zbekistonning tegishli vazirliklari hamda tarmoq idoralari vakillari ishtirokida videokonferensiya shaklida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi «Farap avtomobil yo‘li – Olat» chegara o‘tkazish punktida avtomobillar harakati va chegaradan o‘tish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuvda Turkmaniston tomonidan Turkmaniston Avtomobil transporti vazirligi, Davlat bojxona xizmati, Davlat migratsiya xizmati va Davlat chegara xizmati vakillari ishtirok etdilar. O‘zbekiston Respublikasi nomidan esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi, Transport vazirligi hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari vakillari qatnashdilar.
Muzokaralar davomida xalqaro avtomobil yuk tashuvlarini tashkil etish bilan bog‘liq bir qator masalalar ko‘rib chiqildi. Xususan, yuk avtomobillarining tirkama va yarim tirkamalarini almashtirish tartibi, xalqaro avtomobil tashuvlari uchun ruxsatnomalardan foydalanish, haydovchilarni viza bilan ta’minlash hamda tegishli yig‘imlarni undirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, yangilangan «Farap avtomobil yo‘li» bojxona punktining imkoniyatlaridan samarali va to‘liq foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha ijobiy qarorlar qabul qilindi. Tomonlar chegara o‘tkazish punktining faoliyatini yanada takomillashtirish va o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.