Dunyoda tarvuzning 1200 dan ortiq turi yetishtirilishi aytiladi. Ularning ko‘pchiligi tashqi ko‘rinishidan bir-biriga o‘xshash bo‘lsa-da, po‘sti va ichki etining rangi bilan farq qiladigan turli navlari mavjud.

Odatda, tarvuzning po‘sti yashil rangda bo‘lib, uning ustida to‘q rangli chiziqlar bo‘ladi. Biroq dunyoning turli hududlarida po‘sti qora, oq yoki sariq, ichki eti esa oq, pushti yoki sariq rangli tarvuzlar ham yetishtiriladi. Hatto tashqi ko‘rinishi qovunga o‘xshash tarvuz navlari ham mavjud.

Ular orasida sariq tarvuz alohida e’tiborni tortadigan navlardan biridir. Tarixiy manbalarda «fir’avnlar tarvuzı» deb ataladigan ushbu nav suvli, shirin ta’mi va och sariq rangli eti bilan ajralib turadi.

Sariq tarvuzni tashqi ko‘rinishidan oddiy tarvuzdan ajratish oson emas. Chunki uning po‘sti ham odatiy navlardagidek yashil rangda bo‘lib, yuzasida to‘q rangli chiziqlar joylashgan. Asosiy farq tarvuz kesilganda ko‘rinadi — uning eti och sariq rangda bo‘ladi.

Hozirgi davrda qizil etli tarvuz eng keng tarqalgan nav sifatida qabul qilinsa-da, tarixiy ma’lumotlar qadimgi davrlarda sariq va och rangli tarvuzlar ham yetishtirilganini ko‘rsatadi.

Tarvuz tarixi Afrika bilan bog‘lanib, 5 ming yildan ortiq davrga borib taqaladi. Qadimgi Misrda olib borilgan arxeologik qazishmalar davomida fir’avnlarning qabrlari ichiga tarvuzlar qo‘yilgani aniqlangan. Bu esa o‘sha davrda ham tarvuz qimmatli oziq-ovqat mahsulotlaridan biri bo‘lganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, milodiy 425-yilga oid Vizantiya mozaikasida hozirgi kunda yetishtiriladigan navlarga o‘xshash tarvuz tasviri mavjudligi qayd etiladi.

Demak, sariq tarvuz nafaqat o‘zining noodatiy ko‘rinishi, balki ming yilliklarga borib taqaladigan qiziqarli tarixi bilan ham e’tiborni tortadi.