
Fransiya yaqinda bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi yangi qonunni qabul qilmoqda va shu bilan Avstraliya tajribasiga qo‘shiladi. Xabarlarga ko‘ra, fransuz parlamentariylari tegishli qonun loyihasini allaqachon ma’qullashgan.
Yangi qoidaga ko‘ra, 15 yoshdan kichik bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish butunlay taqiq qilinadi. Ma’lumot uchun, Avstraliyada bu cheklov 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga nisbatan amal qiladi.
Fransiya Milliy Assambleyasi qonun loyihasi matnini 130ga qarshi 21 ovoz bilan ma’qulladi. Hujjat keyinchalik Senatga yuboriladi va uning ma’qullanishidan so‘ng kuchga kiradi. Prezident Emmanuel Makron ilgari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan edi.
Hukumatlar yangi o‘quv yilining boshlanishiga, ya’ni 1-sentyabrga qadar taqiqni to‘liq joriy etishni maqsad qilgan. Qonun qabul qilingach, platformalarga yosh talablarga mos kelmaydigan hisoblarni yopish uchun yil oxirigacha vaqt beriladi.
Avstraliyadagi kabi, Fransiya hukumati ham ijtimoiy tarmoqlar o‘smirlarning ruhiy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlaydi. Mutaxassislarning fikricha, platformalar tomonidan ishlatiladigan algoritmlar vaziyatni yanada murakkablashtiradi.
Shu bilan birga, YouTube bilan bog‘liq masalalar muhokama ostida qolmoqda, chunki uning tuzilishi «X» (sobiq Twitter) yoki TikTok kabi platformalardan sezilarli darajada farq qiladi. Qaysi platformalar aniq “ijtimoiy tarmoq” sifatida tan olinishi hozircha e’lon qilinmagan.
Keywords