Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etuvchi milliy terma jamoalar sonini 64 taga yetkazish rejasini qo‘llab-quvvatlashdan voz kechdi. Bu haqda «Match TV» nashri «The Times» gazetasiga tayanib xabar bermoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Infantino FIFA rahbarligiga qayta saylangan taqdirda Jahon chempionati va klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etuvchi jamoalar sonini oshirish masalasini ilgari surmasligini ma’lum qilgan.

Manbalarning fikricha, FIFA rahbari bu qarori orqali Jahon chempionatining televizion translyatsiya huquqlarini sotish rejalari atrofida yuzaga kelgan kelishmovchiliklardan keyin o‘ziga nisbatan bosimni kamaytirish hamda tashkilot rahbariyatiga nisbatan ikkilanish bildirayotgan vakillarning qo‘llab-quvvatlashiga erishishni maqsad qilgan.

Avvalroq Jahon chempionatida ishtirok etuvchi terma jamoalar sonini 64 taga yetkazish taklifi Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA)ning noroziligiga sabab bo‘lgan edi. Hatto UEFA FIFA musobaqalarida ishtirok etmaslik ehtimolini ham ilgari surgan edi.

Bundan tashqari, FIFA xususiy investorlarni jalb qilish orqali tashkilotning tijorat faoliyati va futbol musobaqalarini tashkil etish ishlarini birlashtiradigan FIFA Forward Enterprise kompaniyasini tuzishni rejalashtirgan edi.

FIFA prezidentligiga navbatdagi saylovlar 2027-yil mart oyida Marokashda bo‘lib o‘tadigan tashkilot kongressida o‘tkaziladi. Janni Infantino 2016-yildan buyon FIFAga rahbarlik qilib kelmoqda. U 2026-yil iyul oyida Jahon chempionatida ishtirok etuvchi milliy terma jamoalar sonini 64 taga yetkazish mumkinligini aytgan edi.

Ta’kidlash joizki, 2026-yilda AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha Jahon chempionati tarixda ilk bor 48 ta milliy terma jamoa ishtirokida tashkil etildi. Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida esa hozirda 32 ta jamoa qatnashmoqda.