Janubiy Koreya Markaziy Osiyo mamlakatlari sog‘liqni saqlash tizimi vakillari bilan tibbiyotda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish borasidagi tajribasini o‘rtoqlashmoqda. Turkmaniston, Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning sog‘liqni saqlash hamda moliya tizimlari rahbarlari va mutaxassislaridan iborat delegatsiya Seul shahrida bo‘lib, Koreya tibbiyotining ilg‘or tajribalari bilan tanishdi.

Mazkur tashrif Koreya Ijtimoiy ta’minot axborot xizmati tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda tashkil etilgan kasbiy salohiyatni rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshirildi.

Tashrif davomida Koreya sog‘liqni saqlashni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi (KAHP) faoliyati hamda uning tibbiy tekshiruvlarda sun’iy intellektdan foydalanish tajribasiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga kasalliklarni erta aniqlash va profilaktik tekshiruvlarni takomillashtirish uchun ishlab chiqilgan raqamli yechimlar namoyish etildi.

Taqdim etilgan texnologiyalar orasida tibbiy tasvirlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish tizimi alohida o‘rin egalladi. Ushbu texnologiya rentgen suratlari, ko‘krak qafasining kompyuter tomografiyasi (KT) tasvirlari hamda mammografiya natijalarini avtomatik ravishda tahlil qilib, ehtimoliy o‘zgarishlarni kasallikning dastlabki bosqichidayoq aniqlash imkonini beradi. Keyinchalik olingan ma’lumotlar tegishli yo‘nalishdagi shifokorlar tomonidan tekshirilib, yakuniy tibbiy xulosa tayyorlanadi.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari ko‘z tubi holatiga qarab yurak-qon tomir kasalliklari xavfini baholash usullari, elektrokardiogramma (EKG) va qondagi glyukoza miqdorini uzluksiz nazorat qilish tizimlari, shuningdek, tana tarkibini tahlil qilish texnologiyalari bilan tanishdilar.

KAHPning 17 ta hududiy markazida qo‘llaniladigan ish jarayonlari, jumladan, bemorlarni raqamli ro‘yxatga olishdan tortib, tibbiy ma’lumotlarni elektron arxivlarda saqlashgacha bo‘lgan bosqichlar ham namoyish etildi.

Ushbu tajribalarni o‘rganish Markaziy Osiyo mamlakatlarida raqamli tibbiyotni rivojlantirish, kasalliklarni erta aniqlash aniqligini oshirish va profilaktik tekshiruvlar samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan milliy dasturlarni takomillashtirishga xizmat qiladi.