Turkmanistonda Kaspiy dengizini plastmassa chiqindilaridan himoya qilish va ekologik xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha muhim qadamlar tashlanmoqda. Shu munosabat bilan Ashxobod shahrida mamlakatning Kaspiy dengizi mintaqasida tabiatni muhofaza qilish qonunchiligini takomillashtirishga hamda chiqindilarni nazorat qilishning zamonaviy tizimini joriy etishga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Turkmaniston Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD), YUNEP, Tehron konvensiyasi vakillari, mahalliy davlat idoralari xodimlari hamda eko-faollar ishtirok etdilar. Ushbu tadbir Kaspiy dengizidagi dengiz chiqindilariga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan mintaqaviy loyiha doirasida tashkil etildi.

Oʻtkazilgan muzokaralarning asosiy mavzularidan biri chiqindilarni monitoring qilish boʻyicha ixtisoslashtirilgan dasturni ishga tushirish boʻldi. Yangi vositalar yordamida ekologlar dengiz muhiti, xususan, plastmassa chiqindilari qaysi manbalardan kelib chiqayotgani haqida aniq maʼlumotlarni olib, ularning paydo boʻlishiga qarshi tez va samarali chora-tadbirlarni koʻrishlari mumkin boʻladi.

Shuningdek, ekspertlar milliy qonunchilik bazasini yangilash, zamonaviy ekologik standartlarni ishlab chiqish hamda izchillik bilan sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini hayotga tatbiq etish masalalarini muhokama qildilar. Ushbu tizim plastmassa va boshqa chiqindilarni tabiatga tushishidan saqlab, ikkilamchi qayta ishlashga joʻnatishni nazarda tutadi.

Loyoya xalqaro tajribaga hamda Kaspiy dengizining dengiz muhitini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Tehron konvensiyasining mexanizmlariga asoslanadi. Uning asosiy maqsadi — quruqlikdagi hududlardan chiqindi axlatlarning dengiz akvatoriyasiga tushadigan yoʻllarini yopish va dengizning oʻziga xos ekotizimini saqlab qolish uchun barcha Kaspiyboʻyi davlatlarining saʼy-harakatlarini birlashtirishdan iborat.