
2026-yil 17-fevral kuni Turkiya Respublikasida o‘tkazilgan Turkman kinosi kunlari doirasida Anqara shahridagi Yashar Kamol nomidagi Madaniyat markazida «Kompozitor» badiiy filmi namoyish etildi va mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turkmaniston TIV rasmiy saytida xabar berildi.
Kino asarlarini musiqiy bezash sohasida erishilgan yuksak yutuqlari uchun kompozitor Kerim Berdimuhamedov «Ganatly altyn bedew» («Qanotli oltin tulpor») maxsus mukofoti bilan taqdirlandi. Uning ijodi kino sohasi mutaxassislari, munaqqidlar va xalqaro madaniy jamoatchilik tomonidan yuqori baholandi.
Shuningdek, Gurbanguly Berdimuhamedov nomidagi vasiylikka muhtoj bolalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha xayriya jamg‘armasining filmga qo‘shgan ulkan hissasi alohida ta’kidlandi. Jamg‘arma «Uly ganatly bürgüt» («Ulkan qanotli burgut») mukofoti bilan taqdirlandi.
Marosimda jamoat tashkilotlarining milliy madaniyat va san’atni rivojlantirishdagi, iqtidorli kinorejissyorlarni qo‘llab-quvvatlashdagi muhim o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.
Mukofotlarni topshirish marosimini TÜRKSOY tashkiloti Bosh kotibi Sultan Raev olib bordi va mukofotlarni film ijodkorlari hamda hamkorlariga topshirdi. Turkmaniston tomonidan mukofotlarni Turkmaniston Madaniyat vaziri A. Shamuradov qabul qilib oldi.
O‘z nutqida vazir turkman kino ijodkorlarining mehnatiga berilgan yuksak baho uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va turkman xalqining Milliy Lideri, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguly Berdimuhamedov tomonidan milliy kinematografiyani rivojlantirishga berilayotgan yuksak e’tibor alohida qayd etildi.
Taqdirlash marosimi hozirgi zamon turkman kinosining milliy an’analar va madaniy qadriyatlarni saqlab qolgan holda, xalqaro madaniy makonga faol integrallashayotganini hamda jahon kinematografiyasi rivojiga munosib hissa qo‘shayotganini ko‘rsatdi.
Keywords