Lebap viloyatining Chorjo‘y tumanida yangi bug‘doy ekish mavsumiga start berish munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi. «Vatan» dehqon birlashmasining ijarachisi Serdar Rayimovga tegishli 24 gektar maydonda o‘tkazilgan tadbirda viloyat va tuman hokimliklari rahbarlari, nuroniylar, qishloq xo‘jaligi tarmog‘i mutaxassislari hamda madaniyat xodimlari ishtirok etdilar. Bu haqda Lebap.biz sayti xabar beradi.

Tantanali marosim davomida qishloq xo‘jaligi texnikalari va mahsulotlari, shuningdek, amaliy san'at asarlari ko‘rgazmalari uyushtirildi. «Lebapobahyzmat» ishlab chiqarish birlashmasining traktorlari yordamida ekish ishlarining olib borilishi namoyish etildi. Madaniyat xodimlarining kuy-qo‘shiqlari tadbirga bayramona shukuh bag‘ishladi.

Tadbir yakunida nuroniylar bug‘doy ekishining muvaffaqiyatli o‘tkazilishini va mo‘l hosil olinishini tilab, ezgu niyatlarini bildirdilar hamda ekishga oq fotiha berdilar.