Mashhur Disney kinostudiyasi butun dunyo tomoshabinlari sevgan “Uyda yolg‘iz” (Home Alone) filmi yangi qismini suratga olish loyihasini muhokama qilmoqda.

“The Town” podkasti jurnalisti Metyu Bellonining xabar berishicha, 45 yoshli aktyor Makelay Kalkin studiya rahbariyati bilan uchrashib, yangi filmning dastlabki g‘oyalari bo‘yicha kelishuvga erishgan. Yangi loyiha Kalkinning ko‘p yillardan so‘ng o‘zining eng mashhur obrazi — Kevin Makkallister roliga qaytishini anglatadi.

Yangi film voqealari avvalgi qismlardan farq qiladi. Unda zamonaviy oilaviy munosabatlar, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi bog‘liqlik yangicha talqin qilinadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, film g‘oyalaridan biri Makelay Kalkinning o‘zi tomonidan taklif qilingan. Yangi voqealarda voyaga yetgan Kevin ish bilan band bo‘lib, o‘g‘liga yetarli vaqt ajrata olmaydigan yolg‘iz ota sifatida tasvirlanadi. Otasidan ranjigan o‘g‘li uni uydan haydab chiqaradi va qaytib kira olmasligi uchun turli ayyor tuzoqlar tayyorlaydi. Shu tariqa Kevinning bolalik davridagi holat teskarisiga aylanadi va endi u o‘zi qo‘llagan usullarga qarshi kurashishi kerak bo‘ladi.

“Uyda yolg‘iz” filmining birinchi qismi rejissyor Kris Kolambus tomonidan 1990-yilda suratga olingan. Film uyda yolg‘iz qolgan kichkina Kevin Makkallisterning ikki o‘g‘ridan himoyalanish uchun ishlatgan aqlli va kulgili usullari orqali butun dunyoda katta shuhrat qozongan.

1992-yilda chiqqan ikkinchi qism ham tomoshabinlar mehrini qozonib, birinchi film muvaffaqiyatini davom ettirdi. Endilikda 30 yildan ortiq vaqt o‘tib, mashhur kino hikoyasining yangi ko‘rinishda ekranga qaytishi kutilmoqda.