
Kecha turkman xalqining Milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov XXRga doʻstona tashrifi doirasida Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) direktorlar kengashi raisi Day Xoulyan bilan uchrashdi.
Uchrashuv oldidan “CNPC” rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni korporatsiya vakillari bilan tanishtirdi. Soʻngra birgalikda esdalik uchun suratga tushish marosimi boʻlib oʻtdi.
Day Xoulyan oliy martabali turkman mehmonini samimiy qutlab, Milliy yetakchi bilan uchrashish u boshqarayotgan korporatsiya uchun katta sharaf ekanini taʼkidladi hamda ushbu tashrif xitoy-turkman hamkorligining yuqori darajasini tasdiqlovchi tarixiy voqea ekanini aytdi. U fursatdan foydalanib, muhtaram Prezidentga oʻzining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini bildirdi. Shuningdek, Day Xoulyan Gurbanguli Berdimuhamedovni va davlat rahbarini yaqinlashib kelayotgan Navroʻz bayrami bilan chin qalbda muborakbod etdi.
Turkman xalqining Milliy yetakchisi samimiy soʻzlar uchun minnatdorlik bildirib, “Ochiq eshiklar” siyosatini izchil amalga oshirayotgan Turkmaniston Xitoy bilan doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat berishini aytdi. Teng huquqlilik, oʻzaro tushunish va ishonch tamoyillariga asoslangan samarali davlatlararo munosabatlarni yangi mazmun bilan boyitishda Turkmaniston Prezidenti va XXR Raisining saʼy-harakatlarini alohida qayd etdi.
Hamkorlikning hozirgi holati va uni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari haqidagi fikr almashishlar davomida Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi mamlakatning “CNPC” korporatsiyasi bilan oʻzaro tajriba almashishni davom ettirish va sheriklikni yanada rivojlantirish niyatida ekanini tasdiqladi. Taʼkidlanganidek, turkman-xitoy munosabatlari keng koʻlamli sohalarni, jumladan, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, yoqilgʻi-energetika, transport-kommunikatsiya, logistika, sanoat, texnologiyalar hamda madaniy-gumanitar sohalarni qamrab oladi. Yoqilgʻi-energetika sohasi ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Shu munosabat bilan Gurbanguli Berdimuhamedov neft-gaz sohasida mamlakatning ishonchli hamkori sifatida oʻzini koʻrsatgan “CNPC”ning muhim roliga eʼtibor qaratdi.
Milliy yetakchi joriy yilda Turkmaniston va Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi hamkorligiga 20 yil toʻlishini aytib, ushbu sana munosabati bilan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazish maqsadga muvofiq boʻlishini taʼkidladi.
Uchrashuv davomida Gurbanguli Berdimuhamedov va XXRning yirik korporatsiyasi rahbari ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari haqida fikr almashdilar. Bunda neft-gaz sohasidagi turkman-xitoy hamkorligi samarali davlatlararo munosabatlarning namunasi ekani uqtirildi. Hozirgi vaqtda turkman “moviy yoqilgʻisi”ni Xitoyga yetkazib berishni taʼminlaydigan gaz quvurini qurish boʻyicha amalga oshirilgan qoʻshma loyiha ushbu hamkorlikning yorqin natijasidir. Bunda “Galkanish” gaz konining navbatdagi bosqichini oʻzlashtirish boʻyicha erishilgan kelishuvning muhim ahamiyati qayd etildi. Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi “Galkanish” konining bosqichma-bosqich oʻzlashtirilishi natijasida minglab yangi ish oʻrinlari yaratilganini aytdi.
Gurbanguli Berdimuhamedov mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarga toʻxtalib, Turkmaniston — Afgʻoniston — Pokiston — Hindiston gaz quvurining muhim qismi boʻlgan Serhetabat — Hirot gaz quvurining ahamiyatini taʼkidladi.
“CNPC” rahbari asrning yirik loyihalaridan biri boʻlgan Turkmaniston — Xitoy gaz quvurining amalga oshirilishida Gurbanguli Berdimuhamedovning ulkan rolini qayd etib, tabiiy gaz zaxiralari boʻyicha dunyoda yetakchi oʻrinlardan birini egallagan Turkmanistonda yaratilgan qulay investitsiya sharoitlari uchun muhtaram Prezidentga hamda Milliy yetakchiga minnatdorlik bildirdi.
Day Xoulyan Turkmaniston bilan yoqilgʻi-energetika sohasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishga tayyorligini tasdiqlab, u boshqarayotgan korporatsiya hamkorlik majburiyatlariga hamisha masʼuliyat bilan yondashishiga ishontirdi.
Uchrashuv yakunida turkman xalqining Milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov hamda Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi direktorlar kengashi raisi Day Xoulyan ikki mamlakat xalqlarining farovonligiga qaratilgan oʻzaro manfaatli hamkorlik bundan buyon ham muvaffaqiyatli davom ettirilishiga ishonch bildirdilar.
Keywords