
Aziz vatandoshlar! Hurmatli insonlar!
Sizlarni barqaror davlatimizda keng nishonlanayotgan Milliy bahor bayrami — Xalqaro Navroʻz kuni munosabati bilan chin qalbimdan tabriklayman. «Mustaqil, boqiy Betaraf Turkmaniston — bedov otli murod-maqsadlar makoni» yilida tantanali oʻtkazilayotgan ushbu bayramda ijro etiladigan joʻshqin kuy-qoʻshiqlar, adabiy-badiiy chiqishlar, urf-odat tadbirlari, tasviriy va amaliy-bezak sanʼati asarlari, milliy qadriyatlar koʻrgazmalarining shonli ota-bobolarimizdan shu kunlarga qadar yetib kelgan madaniy merosimiz yutuqlarini keng targʻib qilishda katta ahamiyatga ega boʻlishiga qatʼiy ishonaman.
Shu yil yurtimizda muqaddas Mustaqilligimizning shonli 35 yillik bayrami keng nishonlanmoqda. Mustaqillik yillarida barqaror Vatanimiz siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ijtimoiy jihatdan mustahkamlandi, xalqimizning turmush darajasi yuksaldi. Turkman xalqining Milliy Lideri Qahramon Arkadagʻimiz tomonidan tamal toshi qoʻyilgan buyuk islohotlar Mustaqil, boqiy Betaraf davlatimizning xalqaro hamjamiyatdagi obroʻ-eʼtiborini yuqori darajaga koʻtardi.
Aziz vatandoshlar!
Maxtumquli Firogʻiy, Mahmud Qoshgʻariy, Mahmud Gʻoyibiy, Bayramxon kabi soʻz ustalarining asarlarida ham Navroʻz anʼanalari keng bayon etilgan. Oqil shoirlarimiz oʻz asarlarida Navroʻz xalqlar oʻrtasida doʻstlik va birodarlikni mustahkamlashini, inson qalbida ezgu fazilatlarni tarbiyalashini, Vatanga, tabiatga va hayotga boʻlgan muhabbatni oshirishini taʼkidlaganlar. Shuning uchun ham hozirgi davrda ushbu qadimiy bayram anʼanalari umuminsoniy qadriyatga, tinchlik va ahillikka chorlovchi tamoyilga aylandi.
Navroʻz bayrami anʼanalari YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi roʻyxatidan munosib oʻrin oldi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining tegishli Rezolyutsiyasi asosida har yilning 21-marti «Xalqaro Navroʻz kuni» deb eʼlon qilindi. Sharq xalqlarining hayot tarzida alohida oʻrin tutuvchi Navroʻz ahillik, tinchlik va doʻstlik-birodarlik bayramidir. Navroʻz bayramida ado etiladigan urf-odat va tadbirlarda xushniyatli, insonparvarlik tamoyillari mujassamdir.
Hurmatli insonlar!
Mardona ota-bobolarimiz yilning rizq-barakasini Navroʻzning qutlugʻ qadami — tuproqqa yomgʻirning moʻl yogʻishi bilan bogʻlaganlar. Erta bahorda yogʻadigan nur-yomgʻirlar saxovatli sahrolarimizni, goʻzal yaylovlarimizni, muqaddas togʻlarimizni bahor faslining betakror goʻzalligiga burkaydi. Tuprogʻimizning barakasi ortib, alvon gullar, bogʻ-rogʻlar turkman tabiatining koʻrkiga koʻrk qoʻshadi. Bahor tongida koʻngli togʻdek koʻtarilgan dehqonlar ekin maydonlarida yangi hosil poydevorini qoʻyish, barakali tuproqdan moʻl hosil olish yoʻlida ixlos bilan mehnat qiladilar. Turkmanlarning qadimiy bogʻdorchilik, dehqonchilik anʼanalari davom ettirilib, mehnatsevar dehqonlarimiz Navroʻz yomgʻiridan nurlangan tuproqqa ishlov beradilar.
Bugun bedov otli Betaraf davlatimizda Milliy bahor bayramida — Xalqaro Navroʻz kunida baxshi-sozandalarimiz ijro etayotgan kuy-qoʻshiqlar, ijodiy jamoalarning folklor-raqs chiqishlari, shoirlarimiz oʻqiyotgan sheʼrlar Navroʻz navolari boʻlib, baxtiyor xalqimizni yangi marralarga ruhlantirmoqda.
Aziz vatandoshlar! Hurmatli insonlar!
Sizlarni Milliy bahor bayrami — Xalqaro Navroʻz kuni bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Sizlarga mustahkam sogʻliq, tinch va baxtiyor hayot tilayman. Navroʻzning qalbni joʻshtiruvchi navolari ahillik, doʻstlik va birodarlik madhi boʻlib, hamisha yangrab tursin!
Turkmaniston Prezidenti Serdar BERDIMUHAMEDOV.
Keywords