Papua-Yangi Gvineya, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Karib dengizi mintaqalarida yetishtiriladigan non mevasi eng ajoyib mevalardan biri hisoblanadi. Bu mevaning vatani Papua-Yangi Gvineya va Hind-Malay mintaqalari deb hisoblanadi. Orollarda yashovchi xalqlar bu mevani Tinch okeani qirgʻogʻidagi mamlakatlarga tarqatganlar. Katta meva 1500-yillarda Yevropaga ham keltirilgan. XX asrda Hindistonga ham olib kelingan non mevasi hozirgi vaqtda 90 dan ortiq mamlakatda yetishtirilmoqda. Yashil meva AQSh va Gavayida «ulu», Portugaliyada «fruta pao», Hindistonda «bakri chajar» deb ataladi.
Aksariyat mevalar ovqatdan oldin yoki keyin yeyilsa, non mevasi ovqat bilan birga iste'mollanadi. Tashqi koʻrinishi jekfrutga oʻxshash bu meva ilmiy tilda Artocarpus altilis deb ataladi. Dastlab olovda yoki choʻgʻga koʻmilib pishirib yeyilgan bu mevaning diametri 10–30 santimetrga, ogʻirligi 3–5 kilogrammga yetadi. Poʻstlogʻi beshburchak boʻlaklardan tuzilgan ulkan yashil meva toʻliq yetilganda, yangi pishirilgan nonni eslatuvchi hid va sutli shira chiqaradi. Mahalliy xalq non va kartoshkaning ta'miga oʻxshash non mevasini qovurib yoki qaynatib, non oʻrnida yeydi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.