So‘nggi ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, Yerning o‘rtacha harorati oshish sur’ati so‘nggi yillarda sezilarli darajada tezlashgan. Iqlimshunoslarning ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda sayyora yuzasi harorati har o‘n yilda taxminan 0,35 daraja Selsiyga oshmoqda. Bu ko‘rsatkich 1970–2015-yillardagi davr bilan solishtirganda, ya’ni o‘sha paytdagi qariyb 0,2 darajalik o‘sish sur’atidan deyarli ikki baravar yuqoridir.
Bunday xulosaga Germaniyaning Potsdam iqlim o‘zgarishlarini tadqiq qilish instituti olimlari bir nechta mustaqil xalqaro meteorologik ma’lumotlar bazalarini taqqoslash orqali kelishdi. Tadqiqotning asosiy maqsadi haqiqiy uzoq muddatli iqlim tendensiyasini tabiiy ob-havo o‘zgarishlaridan ajratish edi.
Olimlar iqlim o‘zgarishlariga ta’sir qiluvchi vaqtinchalik omillarni ham hisobga oldilar. El-Ninyo hodisasi, vulqon otilishlari va Quyosh faolligidagi o‘zgarishlar qisqa muddatda harorat oshishi yoki pasayishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli tadqiqot davomida bunday omillarning ta’siri ma’lumotlardan chiqarib tashlandi.
Tadqiqotchilar so‘nggi o‘n yilliklarga oid ma’lumotlarni, jumladan NASA, AQSh Milliy okean va atmosfera boshqaruvi (NOAA) hamda Yevropaning ERA5 iqlim tizimi arxivlarini tahlil qildilar.
Hisob-kitoblar natijasida Yerning isishi tezlashayotganiga bo‘lgan ilmiy ishonch darajasi 98 foizdan yuqori ekani aniqlandi. Olimlarning ta’kidlashicha, bu o‘lchov xatosi yoki vaqtinchalik hodisa emas, balki haqiqiy fizik o‘zgarishdir.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, iqlim tizimidagi muhim burilish davri taxminan 2013–2015-yillarda yuz bergan. Shuningdek, 2023 va 2024-yillar kuzatuvlar boshlanganidan buyon eng issiq yillar qatoridan joy oldi.
Olimlar harorat oshish tezligini aniqlash uchun turli statistik usullardan foydalandilar. Har ikkala usul ham so‘nggi yillarda harorat o‘sishi jarayonida jiddiy o‘zgarish yuz berganini tasdiqladi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, tadqiqotning maqsadi iqlim o‘zgarishlarining sabablarini emas, balki ularning tezligini o‘lchashdan iborat bo‘lgan. Shu bilan birga, olimlar hozirgi holat atmosferada va okeanlarda issiqxona gazlari, ayniqsa karbonat angidrid (CO₂) miqdorining ortishi bilan bog‘liq iqlim modellariga mos kelishini ta’kidlamoqda.
Ilmiy hamjamiyat ogohlantirishicha, agar hozirgi isish sur’ati saqlanib qolsa, Parij iqlim kelishuvida belgilangan xavfli chegaralardan biri bo‘lgan 1,5 daraja Selsiy ko‘rsatkichi 2030-yilgacha oshib ketishi mumkin.
Mutaxassislarning fikricha, Yerning kelajakdagi isish sur’ati insoniyatning ko‘mir, neft va gaz kabi yoqilg‘i manbalaridan foydalanish natijasida hosil bo‘ladigan chiqindilarni qanchalik tez kamaytira olishiga bog‘liq bo‘ladi.
Shu bilan birga, ayrim olimlar iqlim o‘zgarishlarini faqat xavf sifatida baholamaydi. Ularning fikricha, atmosferadagi karbonat angidrid miqdorining ko‘payishi o‘simliklar o‘sishiga ta’sir qiladi va dunyoning ayrim hududlarida yashil qoplamaning kengayishiga yordam bergan.
Biroq dunyoning aksariyat iqlim mutaxassislari uchun asosiy vazifa harorat oshishi sur’atini kamaytirish va iqlim tizimining uzoq muddatli barqarorligini ta’minlash bo‘lib qolmoqda.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.