Ashxabatda Turkmanistonning biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha Milliy strategiyasi va harakatlar rejasini yangilashga bag‘ishlangan ikki kunlik milliy seminar o‘tkazilmoqda. Tadbir Turkmaniston Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi hamda TIV hamkorligida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) loyihasi doirasida tashkil etildi.
Turkmaniston TIVning mfa.gov.tm sayti xabar berishicha, seminarda 2026–2035-yillar uchun biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha Milliy strategiya va harakatlar rejasining loyihasi muhokama qilinmoqda.
Uchrashuvda tegishli davlat idoralari vakillari, ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari, ishbilarmon doiralar va ekologik jamoat tashkilotlari vakillari qatnashmoqdalar. Ishtirokchilar tabiiy boyliklarni avaylab-asrash bilan iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi mutanosiblikni ta'minlash yo‘llariga alohida e'tibor qaratmoqdalar.
Seminar davomida Turkmanistonning Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi BMT Konvensiyasi bo‘yicha tayyorlanayotgan Yettinchi milliy hisobotining loyihasi ham muhokama qilinmoqda. Shuningdek, biologik xavfsizlik va genetik resurslardan foydalanish bilan bog‘liq Karfagen hamda Nagoya protokollari bo‘yicha tegishli hisobotlarning tayyorgarligi ko‘zdan kechirilmoqda.
Yangilanayotgan milliy strategiya mamlakatda o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda atrof-muhitni asrash bo‘yicha tadbirlarning kelgusi yillarda yanada samarali olib borilishiga asos bo‘lishi kutilmoqda.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.