Turkmanistonda so‘nggi 45 yil davomida o‘rtacha havo harorati 1,6 darajaga ko‘tarilgani ta'kidlanmoqda. Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham havoning isishi qayd etilgan. Xususan, bu ko‘rsatkich Qirg‘izistonda 1 darajani, Qozog‘iston bilan O‘zbekistonda 1,4 darajani, Tojikistonda esa 0,7 darajani tashkil etadi.
Bu ma'lumotlar «Markaziy Osiyoda chegarasurunkali xususiyatga ega bo‘lgan sel suvlari va toshqinlar haqida tahliliy sharh» deb nomlangan hujjatda keltiriladi.
Iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyo mamlakatlari oldiga bir qator jiddiy muammolarni qo‘yadi. Asosan, iqlimdagi o‘zgarishlarning suv bilan bog‘liq tabiiy hodisalarga ta'sirining kuchayishi mintaqa uchun muhim xatarlardan biri sifatida ko‘rsatiladi.
Mintaqada muzliklarning hajmi hozirgi vaqtda yilda taxminan 0,2–1 foiz oralig‘ida kamaymoqda. Muzliklarning erishi natijasida muzlik ko‘llarining soni va hajmi ortadi. Bunday ko‘llarning o‘pirilishi esa tog‘li hududlarda sel suvlarining paydo bo‘lish xavfini kuchaytiradi.
Bu holat, birinchi navbatda, tog‘li zonalarda yashovchi aholining xavfsizligiga, turar joylariga va kundalik turmushiga ta'sir qilishi mumkin. Shuningdek, daryo vodiylarida va quyi qismlarda joylashgan transport, energetika va boshqa infratuzilma obyektlari uchun turli xatarlarni keltirib chiqaradi.
Tahliliy sharh Markaziy Osiyodagi 13 yirik transchegaraviy daryo havzasini o‘z ichiga oladi. Ular umumiy xatarlarga duch keladigan mamlakatlar orasidagi munosabatlarga ko‘ra guruhlarga bo‘lingan.
Ularning qatorida Qozog‘iston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida joylashgan Chu va Talas, Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi Shohimardon, Qoradaryo, Norin va Isfayramsoy, Qirg‘iziston bilan Tojikiston o‘rtasidagi Isfara, Qozog‘iston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi Ugam, Tojikiston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi Zarafshon, Turkmaniston bilan O‘zbekiston o‘rtasida joylashgan Amudaryo hamda to‘rt davlat hududini o‘z ichiga olgan Sirdaryo havzasi bor.
Resminamada har bir daryo havzasi bo‘yicha suv oqimlarining xususiyatlari, ilgari sodir bo‘lgan sel va toshqin hodisalari, xatarli zonalar, yetkazilgan zararlar hamda tegishli mamlakatlar o‘rtasida amal qiladigan hamkorlik mexanizmlari haqida ma'lumotlar beriladi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.