
Futbol bo‘yicha Turkmaniston Oliy ligasi 11-turining dastlabki o‘yinlari Turkmanboshi, Ashxobod va Bolqonobod shaharlarida bo‘lib o‘tdi. Turning ilk uchrashuvlari gollarga boy bo‘lganligi, kutilgan yirik hisobdagi g‘alabalar va ko‘p sonli sariq kartochkali keskin o‘yinlar bilan muxlislar yodida qoldi.
Oliy liga peshqadami “Arkadag” jamoasi Turkmanboshi shahrida “Şagadam” mehmoni bo‘ldi. Uchrashuvning 5-daqiqasida Rahman Myratberdiýew tezkor gol urib, jamoasini oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘limning oxirida, ya’ni 45-daqiqada Daýanç Meredow hisobni oshirgan bo‘lsa-da, maydon egalari futbolchisi Guwanç Waliýew birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtning 2-daqiqasida javob golini urib, o‘yinning davomiga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Ammo uchrashuvning ikkinchi bo‘limida “Arkadag” futbolchilari ustunlikni to‘liq o‘z qo‘llariga oldilar va belgilangan ikkita 11 metrlik jarima zarbasidan unumli foydalandilar. Gollarni Güýçmurat Annagulyýew (70-daqiqa) va Resul Hojaýew (79-daqiqa) o‘z hisoblariga yozdirib, o‘yinning 4:1 hisobida yakunlanishini ta’minladilar.
Ashxobodning “Ashgabat” jamoasi o‘z maydoni bo‘lgan “Nisa” stadionida Marining “Merw” jamoasini 5:1 hisobida yirik g‘alaba bilan mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. O‘yinning 44-daqiqasida Merdan Muhadow hisobni ochgunga qadar, ikki jamoa o‘rtasida tengma-teng kurash davom etdi.
Ikkinchi bo‘limda esa poytaxtliklar hujumlarni yanada kuchaytirdilar. Avvaliga 65-daqiqada Şatlyk Gurbanow hisobni 2:0 ga yetkazdi, so‘ngra esa “Ashgabat” hujumchisi Pirmyrat Soltanow sahnaga chiqdi. U bor-yo‘g‘i 15 daqiqa ichida (69, 79 va 84-daqiqada penaltidan) raqib darvozasini aniq nishonga oldi. “Merw” futbolchisi Abdyresul Abdyýewning 86-daqiqada urgan goli esa mehmonlarga katta foyda keltirmadi.
Bolqonobodda keskin bahs
Bolqonobod shahrida o‘tkazilgan va mahalliy “Nebitçi” bilan turnir jadvalining oxirida borayotgan “Köpetdag” jamoasi o‘rtasidagi uchrashuv gollarga juda boy bo‘lmasa-da, keskin kurashlar ostida o‘tdi. O‘yin taqdirini 17-daqiqada “Nebitçi” futbolchisi Seýitmämmet Hojamämmedowning urgan yagona goli hal qildi (1:0).
O‘yinning qolgan vaqtida maydonda juda qizg‘in va qo‘pol kurash davom etdi. Uchrashuv hakami futbolchilarga jami 10 marta sariq kartochka ko‘rsatishga majbur bo‘ldi. Ayniqsa, uchrashuv oxirida yuzaga kelgan keskinlik sababli mezbon jamoaning 8 nafar futbolchisi sariq kartochka oldi. Shunga qaramay, “Nebitçi” hisobni saqlab qolib, muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritdi.
11-turning yakuniy o‘yinida chempionatning ikki kuchli klubi — “Altyn asyr” va “Ahal” jamoalari to‘qnash kelishadi. Hozirgi vaqtda jamoalarning ochkolari holatini quyidagicha kuzatish mumkin:
Chempionatning eng yaxshi to‘purarlari ro‘yxatida “Arkadag” hujumchisi Didar Durdyýew 9 ta gol (2 tasi penaltidan) bilan peshqadamlik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda Süleýman Mirzoýew (“Ahal”) — 6 ta gol (2 tasi penaltidan), Resul Hojaýew (“Arkadag”, 1 tasi penaltidan) va Serdar Gulyýew (“Şagadam”, 2 tasi penaltidan) 5 tadan gol bilan bormoqdalar.
Keywords