
Xalqimiz asrlar davomida sayqallab, takomillashtirib kelgan milliy qadriyatlardan biri turkman gilamidir. Berkarar davlatning yangi davri Uygʻonish bosqichida, qadimiylikdan meros qolgan va sanʼat darajasiga koʻtarilgan gilamchilikni rivojlantirish davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Tugunlarining zichligi, mustahkamligi, goʻzalligi va nafisligi bilan ajralib turadigan milliy gʻururimiz — turkman gilamlarini toʻqishda Halach badiiy gilamchilik korxonasi gilamdoʻzlari ham namunali ishlarni amalga oshirmoqdalar.
Ushbu qadimiy korxonaning usta gilamdoʻzlari yanvar oyida 178,58 kvadrat metr gilam va gilam mahsulotlari toʻqib, ishlab chiqarish surʼatini izchil oshirib bormoqdalar. Bu yerda turli oʻlchamdagi gilamlar bilan bir qatorda esdalik sovgʻabop gilam mahsulotlari ham tayyorlanmoqda.
— Nafis gilamlar toʻqishda korxonamiz ayollari yuksak mahorat koʻrsatmoqdalar. Yanvar oyida, asosan yirik hajmli gilamlardan «Altyn» xoʻjalik jamiyati buyurtmasiga binoan boʻyi va eni 6,53 metrga teng (umumiy maydoni 36,67 kv.m) trapetsiya shaklidagi, shuningdek, boʻyi 6,40, eni 5,8 metrga teng (umumiy maydoni 37,12 kv.m) boʻlgan 304 tugunli, «gushly» koʻlli oq gilamlar va bir qator kichik hajmli gilamlar toʻqildi — deya faxr bilan taʼkidlaydi korxonaning 3-sex ustasi, Turkmanistonda xizmat koʻrsatgan gilamdoʻz Mahri Annamuradova. Bu haqda «Türkmen gündogary» gazetasida xabar berildi.
Korxona mutaxassislarining maʼlumotlariga koʻra, hozirgi vaqtda buyurtmalar asosida toʻqilayotgan boʻyi 2,75, eni 3,80 metr (10,45 kv.m) «gushly» koʻlli oq, boʻyi 7, eni 4 metr (28 kv.m) «gushly» koʻlli qizil gilamlar kesib olishga tayyorlanmoqda. Shuningdek, shu kunlarda 3 x 2 metr (6 kv.m) va 1,5 x 1 metr (1,5 kv.m) oʻlchamdagi bir qancha gilamlar toʻqilmoqda. Bundan tashqari, buyurtmalarga muvofiq «beshir», «yaprak», «derveze» nusxali gilamlar, manzara aks ettirilgan gilamlar, ikki tomonlama gilamlar va sovgʻabop mahsulotlar tayyorlanmoqda.
— Korxonamiz ishchilarining aksariyati ayollar boʻlib, ular turkman gilamlarining qadimiy nusxalarini tiklash, yangilarini yaratish va gilamchilik sanʼatini takomillashtirishda sidqidildan mehnat qilmoqdalar. Ustalarimiz naqshlarning joylashuvi, toʻqilish zichligi va ranglar uygʻunligiga katta ahamiyat beradilar. Shuningdek, «ustoz-shogird» anʼanasi asosida yoshlarga gilamchilik sirlarini oʻrgatish boʻyicha samarali ishlar olib borilmoqda. Turkmanistonda xizmat koʻrsatgan gilamdoʻzlar Saparay Jomartova, Chemen Roziyeva hamda mahoratli gilamdoʻzlar Gulnara Rezvanova, Nartach Toʻlegova va boshqalarning yutuqlarimizda hissasi katta. Oʻn barmoq hunari bilan yaratilgan nafis gilamlar ishlab chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratib berayotgan Qahramon Arkadagʻimizga va Arkadagʻli Qahramon Serdarimizga minnatdorchilik bildiramiz — deydi korxona kasaba uyushmasi raisi Nargiza Gurbannazarova.
Keywords