
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bo‘lajak Jahon chempionatiga ko‘rayotgan tayyorgarlik ishlari doirasida Kanada milliy terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. O‘zaro bahsda o‘zbek futbolchilari raqiblariga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Kanadaning Edmonton shahrida tashkil etilgan o‘yin maydon egalarining to‘liq ustunligida o‘tdi. G‘alaba qozongan jamoaning gollarini o‘yinning 58-daqiqasida Jonatan Osorio hamda uchrashuv oxirida, ya’ni 90+1-daqiqada Jeyden Nelson o‘z hisobiga yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.
2026-yilgi Jahon chempionati start olishi arafasida O‘zbekiston terma jamoasi navbatdagi sinov uchrashuvini shu yilning 8-iyun kuni safarda kuchli raqiblardan biri — Niderlandiya milliy terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Kanada esa 6-iyun kuni o‘z maydonida Irlandiya milliy terma jamoasini qabul qiladi.
Shu yilning 11-iyuni — 19-iyuli oralig‘ida AQSh, Meksika va Kanadada tashkil etiladigan Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi “K” guruhida ishtirok etadi. Ular guruh bosqichida keyingi bosqichga chiqish uchun Portugaliya, Kongo Demokratik Respublikasi va Kolumbiya bilan kuch sinashadilar. Mezbon bo‘lgan Kanada terma jamoasi esa “B” guruhida Shveysariya, Qatar hamda Bosniya va Gersegovina bilan to‘qnash keladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z futbol tarixida ilk bor Jahon chempionatining final bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Keywords