Turkmaniston milliy moda san’ati 5–7-sentabr kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida o‘tkaziladigan “Who’s Next” xalqaro professional moda ko‘rgazmasida keng tanishtiriladi.
Xalqaro savdo markazi (ITC) ko‘magida o‘tkaziladigan tadbirning “Ready-to-Wear” bo‘limida Turkmaniston dizaynerlari va milliy brendlari o‘zlarining yangi kolleksiyalarini jahon moda sanoati vakillariga taqdim etadilar.
Ko‘rgazmada dizayner Mukaddes Ibrohimova, shuningdek, “Binaym”, “Desert Heritage” va “AYM” brendlari ishtirok etadilar. Ularning ishlarida turkman milliy an’analari zamonaviy dizayn yechimlari bilan uyg‘unlashgan.
Mukaddes Ibrohimova ikat va jins matolaridan, naqshli ipakdan tayyorlangan korsetlar, jaketlar va shimlarni namoyish etadi. “Desert Heritage” brendi esa tabiiy bo‘yoqlar bilan bo‘yalgan va qo‘lda tayyorlangan ipak, paxta, zig‘ir hamda tuya junidan tayyorlangan mahsulotlarini taqdim etadi.
“AYM” brendi qadimgi Nisaning tarixiy merosidan ilhom olgan qo‘lda naqshlangan zig‘ir mahsulotlari bilan chiqish qilsa, “Binaym” turkman qo‘l mehnatini pechvork usuli orqali zamonaviy jins mahsulotlarida o‘ziga xos tarzda namoyon etadi.
Turkman dizaynerlarining Parijdagi xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etishi milliy to‘qimachilik an’analari, qo‘l mehnati va zamonaviy turkman modasini jahon moda maydonida tanitish uchun muhim imkoniyatdir. Shuningdek, ushbu tadbir mahalliy brendlarning yangi xalqaro bozorlarga chiqishiga va xorijiy mutaxassislar bilan ijodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.